BMW yangi elektrokrossoverini taqdim qildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1548
  •  12.11.2020 10:13

BMW yangi elektrokrossoverini taqdim qildi (+video)

Mashhur mashinsoz – BMW kompaniyasi 11 noyabrda to‘liq elektrlashtirilgan krossoveri iX’ni taqdim qildi. Yangi model yaqin orada sotuvda paydo bo‘lishi kutilmoqda, deb yozadi Kun.uz nashri.

O‘QING: Uchadigan avtomobil – AirCar’ning ilk parvozini videoda ko‘ramiz!

BMW saytida ma’lum qilinishicha, mashina kompaniyaning modellar qatorida yangi avloddagi birinchi elektrokar hisoblanadi.

iX oldidan 4-seriyadagi BMW’ni eslatadi, o‘lchamlari bo‘yicha esa X5’ga yaqin. U umumiy quvvati 500 ot kuchidan oshadigan ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Krossover 100 km/soat tezlikka 5 soniyadan kamroq vaqt ichida erisha oladi. Avtomobil bir quvvatlanishda 600 kmgacha yo‘l bosadi.

Mashinada tez quvvatlagich mavjud bo‘lib, u 200 kVtda akkumulyatorni 10 foizdan 80 foizgacha 40 daqiqadan kamroq vaqt ichida quvvatlash imkonini beradi. Mashinaning standart quvvatlagichi 11 kVtda ishlaydi va avtomobilni 10 foizdan 80 foizgacha 11 soatda quvvatlaydi.

Elektrokar 3-darajadagi avtopilot uchun mo‘ljallangan datchiklar bilan jihozlangan. Krossover belgilangan yo‘nalish bo‘yicha o‘zi mustaqil harakatlanishi, sekinlashishi, tezlashishi, boshqa mashinalarni quvib o‘tishi, burilishi mumkin.

Mashinaning e’tiborli jihatlaridan shuni aytish mumkinki, uning eshiklarida an’anaviy dastaklar o‘rniga tugmalar qo‘llangan. Suv sepuvchi idish teshigi esa kapot ostida emas, balki «tumshug‘i»dagi BMW belgisida joylashgan.

O‘QING: Tesla «damini olsin!» – Mercedes-Benz rekordchi elektromobilni e’lon qildi

BMW iX’ning radiator panjarasi nafaqat radiatorni sovitish, balki yarimavtonom harakatlanish uchun zarur bo‘lgan kameralar, radarlar va boshqa datchiklarni himoyalash uchun mo‘ljallangan. Panjara «o‘zini tiklovchi» materialdan ishlangan: undagi mayda tirnalishlar xona haroratida 24 soat ichida o‘zi «bitib ketadi».

Avtomobil salonida 12,3 dyuymlik raqamli asboblar paneli, multimedia tizimining 14,9 dyuymlik sensor displeyi joylashgan. Mashina ruli oltiburchakli shaklga ega. Kompaniyada bu haydovchiga noqulaylik tug‘dirmasligiga ishontirilgan.

Elektromobil 5G-modem va ma’lumotlarni qayta ishlash uchun yuqori unumdor tizim bilan jihozlanadi. Bu har bir BMW iX’ga markaziy server bilan yo‘ldagi joriy vaziyat borasidagi ma’lumotlar bilan almashish imkonini beradi. Server o‘z navbatida ma’lumotlarni tahlil qilib, boshqa mashinalarga tavsiyalar berib turadi.

BMW iX’ni ishlab chiqarishni 2021 yil oxirida boshlash rejalashtirilgan. Elektrokarning bozorga chiqishi muddatlari va uning taxminiy narxi hozircha ma’lum qilinmagan.

O‘QING: O‘zbekistonda atigi 12 ming so‘mlik tok bilan 300 km yuradigan elektromobil sinalmoqda (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!