Bo‘kada yangi telekommunikatsiya infratuzilmasi shakllantiriladi, keyin esa Oqqo‘rg‘on va Piskentda

  •   DiMaX
  •  639
  •  18.04.2019 09:32

Bo‘kada yangi telekommunikatsiya infratuzilmasi shakllantiriladi, keyin esa Oqqo‘rg‘on va Piskentda

Shu kunlarda Bo‘ka tumanida ishlar qizg‘in pallaga kirgan, jarayonlar soat sayin o‘zgarib bormoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlari tinim bilmayapti, hisobotlardagi raqamlar, ko‘rsatkichlar davomiy o‘zgarib bormoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham bu jarayonlarda faol ishtirok etmoqda, deyiladi Vazirlik xabarida.

O‘QING: Bo‘ka «tajriba poligoni»ga aylandi: tezkor internet va Wi-Fi hududlari

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasidagi uchinchi tashabbus – «Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish»ning Bo‘ka tumanidagi aprobatsiyasi ijrosi, hozirgacha amalga oshirilgan ishlarning sarhisobini qilish, galdagi ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov mazkur tumanda bo‘ldi.

Vazir tumanda ish olib borayotgan Vazirlik ishchi guruhi bilan uchrashib, uchinchi tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha taklif qilinayotgan loyihalarni tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqdi.

Shuhrat Sodiqov Bo‘ka tumani markazida joylashgan «O‘zbekiston pochtasi» AJ ma’muriy binosi bazasida tashkil etilayotgan «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi»dagi qurilish-ta’mirlash ishlari jarayoni, tumandagi bir qator maktablarda kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kompyuter o‘yinlari va kibersport bo‘yicha to‘garaklarni tashkil etishga oid ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tumandagi «Bo‘ston» MFYda uchinchi tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Bo‘ka tumanidagi barcha maktablarda tashkil etilayotgan kompyuter sinflarida yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish uchun optik tolali aloqa liniyasi asosida telekommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etilmoqda.

O‘QING: Speedtest.net’ning internet tezligi reytingida O‘zbekiston yanada pastladi

Muxtasar aytganda, tashkil etilayotgan optik aloqa liniyalari orqali ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari bilan bir qatorda, aholi uchun ham zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga imkoniyat yaratilmoqda.

Hozirgi kunda mavjud 73 ta maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash ob’yektlarining 36 tasiga 170 km optik tolali aloqa liniyalari o‘tkazildi. 12 ta ob’yektga yakuniy qurilmalar o‘rnatilib, Internet tarmog‘iga ulandi. Shu bilan birga, mobil aloqa qamrovini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida «Katta Rovot» hamda «Ko‘korol» MFY hududida Uzmobile mobil aloqa operatorining baza stansiyalari o‘rnatilib ishga tushirildi.

Tumandagi Bo‘ston yoshlar bog‘i, madaniyat saroyi va musiqa maktabida o‘rnatilgan Wi-Fi qurilmalari ishga tushirildi. Qolgan ob’yektlar bo‘yicha ishlar belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.

Mazkur beshta muhim tashabbusni amalga oshirish uchun navbatdagi manzillar – Oqqo‘rg‘on va Piskent tumanlari belgilangan. U joylarda ham hozirning o‘zida ishlar boshlab yuborilgan.

O‘QING: AKT vaziri Navoiyda yosh mutaxassislar bilan muloqot qildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!