Bolaligingizning sevimli o‘yin konsoli yana hayotga qaytmoqda

Bolaligingizning sevimli o‘yin konsoli yana hayotga qaytmoqda

Ayni bolalik-podsholik davri 90 yillarda o‘tgan o‘quvchilarimiz o‘sha davrning asl xazinasi - Sega o‘yin konsollaridan bir marta bo‘lsada, bahramand bo‘lgan bo‘lishlari kerak. Mortal Kombat'ning halokatli jang turnirlari, doimiy sakrab, halqalar terib yuruvchi tipratikan Sonic, ko‘cha bezorilarining adabini berib qo‘yish uchun otlangan azamatlar - Streets of Rage kabi o‘yinlarni o‘ynashni kim ham sevmagan deysiz. Bolaligingizning unutilmas qismiga aylanib qolgan ushbu konsolni ishlab chiqaruvchi Sega kompaniyasi sog‘ingan muxlislarga ajoyib sovg‘a tayyorlayotganini ma’lum qildi.

Kecha bo‘lib o‘tgan Sega Fes 2018 davomida kompaniya Sega Genesis o‘yin konsolining qayta ishlangan talqini - Sega Genesis Mini yoki Mega Drive Mini'ni shu yilning o‘zida sotuvga chiqarishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida bayonot berdi.

 

O‘QING: Zamonlar osha: Sega Mega Drive yana sotuvga chiqariladi

Sega kompaniyasi o‘z nomi bilan Mega Drive Mini deb nomlangan ushbu qurilma o‘tmishning mashhur konsolining kichraytirilgan talqini bo‘lishini aytmoqda. Sega Genesis o‘yin konsolining 30 yillik yubileyi sharafiga muxlislarga taqdim qilinayotgan mazkur qurilma ko‘plab sevimli va klassik o‘yinlarni o‘zida jamlaydi.

Joriy yilning o‘zida do‘kon rastalarida paydo bo‘lajak Mega Drive Mini konsolining ko‘rinishi o‘tgan yili ko‘plab maqtovlarga sazovor bo‘lgan Nintendo'ning NES Classic va SNES Classic qurilmalarinikiga o‘xshab ketadi. Hozircha yangilangan konsol o‘z vatani - Yaponiyada sotuvga chiqariladi. Ma’lum vaqtdan so‘ng u xalqaro bozorga chiqarilishi kutilmoqda. Biroq konsol yilning aynan qaysi vaqtida sotuvga chiqarilishi va u bilan birga 1990 yillarning qaysi mashhur o‘yinlari hayotga qaytishi haqida ma’lumot berilmayapti.

O‘tgan haftada Sega kompaniyasi mazkur o‘yin konsollarini yana hayotga qaytarib, 90 yillar biznesi bilan jiddiy shug‘ullanmoqchi ekanligini ma’lum qilgan edi. Kuzatuvchilarning fikricha, bir vaqtlar kompaniyaning ashaddiy raqibi bo‘lgan Nintendo o‘z klassik o‘yin konsollarini qaytadan hayotga qaytarishga muvaffaq bo‘lgani va buning ortidan kutilmagan ulkan shuhratga erishgani ortidan Sega ham harakatga tushib qolgan. Bunga qadar Sega 2001 yilda o‘z klassik konsolini Sega Dreamcast nomi ostida bozorga qaytarmoqchi bo‘lgan, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.

Sega ilk Mega Drive konsolini 1988 yil 29 oktyabr kuni Yaponiyada, 1989 yil 14 avgust kuni esa Shimoliy Amerikada sotuvga chiqargan edi. Shu vaqtga qadar o‘sha davrning ko‘plab yoshlarini o‘ziga maftun etgan sevimli konsolning 30 milliondan ortiq nusxasi dunyo bo‘ylab sotilgan.

Bundan bir qancha vaqt oldin kompaniya iOS va Android platformasida ishlaydigan qurilmalar uchun Sega Genesis o‘yin konsolining bir qator mashhur klassik o‘yinlarini e’lon qilgan edi.

O‘QING: Sega endi iOS va Android uchun bepul retro o‘yinlarni taqdim etadi

Hozircha konsolning hayotga qaytish vaqti aniq emas. Balki tez orada bolaligingizning eng quvonchli onlarini yana bir bor ta’tib ko‘rish imkoniga ega bo‘larsiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.