Bo‘lar ekan: iPhone 12 xaridori sudda Apple’ni mag‘lub qildi!

  •   DiMaX
  •  1316
  •  31.05.2021 17:39

Bo‘lar ekan: iPhone 12 xaridori sudda Apple’ni mag‘lub qildi!

Bultur kuzda Apple korporatsiyasi iPhone 12 mini, iPhone 12, iPhone 12 Pro hamda iPhone 12 Pro Max smartfonlarini namoyish qilgan. Ularning qadoq tarkibidan quvvatlash uskunasi olib tashlangani raqiblarning masxaralashiga sabab bo‘lgandi, lekin...

O‘QING: Apple ustidan kulgan Xiaomi’ning o‘zi ham Mi 11 qadog‘idan zaryadnikni olib tashlayapti! («jonli» suratlar)

Mariana Morales Oliveyra (Mariana Morales Oliveira) ismli braziliyalik ayol iPhone 12 xarid qilib, qutisida zaryadchik bo‘lmagani uchun Apple’ni sudga berdi. San-Paulu shtatida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida kupertinolik korporatsiya ilk bor ayni shu adapterni olib tashlagani sababli sudda mag‘lub bo‘ldi.

Mariananing advokati Rafael Kuarejma (Rafael Quaresma) tushuntirishicha, Apple «o‘zaro bog‘liq sotuvlar» siyosatini tanlagan. Ya’ni, smartfon sotib olgan xaridor, jamlanmada quvvatlagich yo‘qligi sababli, uni alohida xarid qilishiga to‘g‘ri keladi.

Advokat adolatli ta’kidlaganidek, Apple’ning «tabiatga g‘amxo‘rlik vajidan quvvatlash adapterini olib tashlagani» – shunchaki bahona; zero, kompaniya baribir zaryadchikni ishlab chiqarishni ham, sotishni ham to‘xtatgani yo‘q. Shunchaki, bu aksessuarni smartfonlardan alohida sotyapti va yana qo‘shimcha foyda ko‘ryapti! Smartfon jamlanmasida chiqarilganida tabiatga zarar yetkazadigan zaryadchik alohida sotilganida qanday qilib bezarar bo‘lishi mumkin!?

Shu tariqa, sud qaroriga ko‘ra, Apple arizachiga 10 kun ichida bepul quvvatlagich yetkazib berishi kerak. Agarda kompaniya uni yetkazib berishni kechiktirsa, kechikkan har bir kuni uchun qo‘shimcha 38 dollardan (maksimum 950 dollargacha) to‘laydi.

O‘QING: 7 xil iPhone egalariga Apple naq 500 million dollar to‘lamoqchi, lekin...

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!