Bor-yo‘g‘i 107 dollarga ulkan ekran va 6000 mA/soatlik akkumulyatorli smartfon chiqdi

  •   DiMaX
  •  6908
  •  21.07.2020 14:58

Bor-yo‘g‘i 107 dollarga ulkan ekran va 6000 mA/soatlik akkumulyatorli smartfon chiqdi

Odatda smartfon quvvatining ko‘p qismini katta ekran sarflaydi. Aaksiga olib, aynan o‘lchami katta va texnik ta’minoti kuchli flagmanlarning batareyasi uncha sig‘imdor bo‘lmaydi.

O‘QING: Smartfonlarning yildan-yilga kattalashib borishini to‘xtata olamizmi?

Infinix kompaniyasi esa shu ikki jihatni o‘zida uyg‘unlashtirgan Smart 4 Plus smartfonini namoyish qildi. Uning displeyi katta va akkumulyatori sig‘imdor bo‘lishidan tashqari, narxi ham past – atigi 107 dollar! Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bu model o‘z narx toifasida eng sig‘imdor batareyali smartfondir.

Infinix Smart 4 Plus polikarbonat korpusda taqdim etilgan, uning o‘lchamlari 171,82x77,96x8,9 millimetrga, vazni esa 207 grammga teng. Uning diagonaliga 6,82 dyuymlik displeyi 720x1640 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. Ekranning tomchisimon kemtigiga o‘rnatilgan 8 megapiksellik selfi-kamera esa qo‘shaloq LED-chaqnoq bilan to‘ldirilgan.

Arzon va «beli baquvvat» bu smartfonning orqa panelida qo‘shaloq bosh kamera joylashgan, undagi asosiy modul 13 megapiksellik aniqlikka ega. Infinix Smart 4 Plus barmoq izi datchigi ham orqa qopqoqdan o‘rin olgan.

O‘QING: «Samsung, chetroq suril, Xiaomi, sen nariroqqa o‘t!» – Realme ham «beli baquvvat» arzon smartfon chiqaryapti

Infinix bu smartfonini Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan XOS 6.2 operatsion tizimi bilan chiqargan. Uning «elektron yuragi» sifatida esa Helio A25 protsessori tanlangan. Infinix Smart 4 Plus tezkor/ichki xotira hajmi tegishlicha 3/32 gigabaytlik, yana microSD uchun slot ham mavjud.

Ikkita SIM-karta bilan ishlovchi bu telefonning 6000 mA/soatlik akkumulyatori microUSB porti orqali 10 vattlik zaryad ola biladi. Uning korpusida 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.2 va GPS modullari, quloqchin uchun 3,5 millimetrlik standart tirqish ham bor.

Infinix Smart 4 Plus smartfoni 28 iyuldan boshlab Midnight Black, Ocean Wave va Violet rangli korpuslarda Hindistonda sotuvga chiqadi.

O‘QING: Atigi 130 dollardan 7 dyuymlik ekran, stereodinamik va 6000 mA/soatlik akkumulyatorga ega smartfon sotila boshladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.