«Bortda internet»li to‘rtinchi samolyot O‘HYga keltirildi: Boeing 787-8 Dreamliner avvalgilaridan qanday farq qiladi?

  •   DiMaX
  •  632
  •  15.04.2019 11:09

«Bortda internet»li to‘rtinchi samolyot O‘HYga keltirildi: Boeing 787-8 Dreamliner avvalgilaridan qanday farq qiladi?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» to‘rtinchi zamonaviy yo‘lovchi samolyoti – Boeing 787-8 Dreamliner’ni ham Toshkent aeroportiga olib keldi. Orzu layneri AQShning Sietl shahridan 11 soatu 50 minutda 10 ming 142 kilometr masofa bosib kelib qo‘ndi, deb yozadi O‘zA.

O‘QING: Samolyotlarimizda endi internet-to‘plamlar sotib olish mumkin, to‘lovi esa plastikdan!

Unga yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan. Avialayner 246 yo‘lovchini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.

Samolyotda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyasiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar «O‘zbekiston havo yo‘llari» yo‘lovchilarida parvoz davomida ajoyib taassurot qoldiradi.

Samolyot boshqalaridan internetga kirish uskunalari mavjudligi bilan farqlanadi. Bu milliy aviakompaniyamizning «Bortda internet» xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan uchinchi layneridir. Parvozdagi aloqa provayderi MAKning «Airbus A320nyeo» samolyotiga ham provayderlik qilgan, ko‘ngilochar dasturlar va aloqa tizimini o‘rnatgan Panasonic Avionics Corporation kompaniyasi hisoblanadi. Boeing 787-8 Dreamliner’ning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi bo‘lgan O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ularning tijoriy ekspluatatsiyasini 2016 yilda boshlagan. MAKning 2020 yilga mo‘ljallangan rivojlanish rejalariga muvofiq, aviapark ushbu rusumdagi oltita samolyot bilan to‘ldiriladi va MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

O‘QING: Salonida Wi-Fi bo‘lgan Airbus A320 neo rusumli ikkinchi samolyot Toshkentga yetib keldi

Shu o‘rinda «Boeing 787-8» samolyotining asosiy texnik xususiyatlari haqida to‘xtalamiz.

Samolyot fyuzelajning 50 foiz elementlari uglerodga asoslangan kompozit materiallardan tayyorlangan. Bu esa, samolyotning an’anaviy alyumin fyuzelajli laynerga nisbatan yengilroq va mustahkamroq bo‘lishiga xizmat qiladi.

787-rusumli samolyotlardagi qanot tekisligining nayzasimon shakli 767-modeli bilan solishtirganda ko‘tarilish kuchini 2 foiz oshiradi. Mazkur qanotlar, bu sinfdagi boshqa samolyotlarga qaraganda uzunroq bo‘lib, ularga qo‘shimcha elastiklik beradi. Oddiy parvoz davomida qanot uchlari yerdagi erkin holatiga nisbatan 3 metrga tisariladi.

Illyuminatorlar balandligi 46 santimetrni tashkil etadi. Bu barcha tijoriy laynerlar ichida rekord ko‘rsatkich. Ular boshqariluvchi elektroxrom qoplama bilan jihozlangan.

Ushbu rusumdagi samolyotlarda kompozit korpuslar zichligining yuqoriligi sahndagi 1800 metr balandlikka mos keladigan bosim darajasini saqlab turishga imkon beradi. Alyumindan ishlangan yo‘lovchi samolyotining kabinasida esa bu bosim 2400 metr balandlikdagi darajaga to‘g‘ri keladi.

Sahndagi bosim tizimi yangi shaklda tashkil etilgan. Boshqa yo‘lovchi samolyotlarida sahnga kiruvchi havo 600 darajadan yuqori bo‘lgan dvigatellardan olinib, sovutgichlardan o‘tadi va sahnga kiradi, «Dreamliner»larda esa havo tashqi muhitdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr kompressorlari orqali sahn ichiga yuboriladi. Bu bilan havo namligining tanqisligi muammosi bartaraf etiladi. Samolyot sahnidagi yanada nam havo yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratadi.

Laynerning orqa qismida joylashgan, tishli shaklga ega bo‘lgan gondol dvigatellarining yangi dizayni tufayli, tashqi va ichki shovqin 15 ditsibelga kamaytirilgan.

Laynerning maksimal yuklanishda parvoz davomiyligi 136 20 kilometr, kreyser tezligi 902 kilometr soat, maksimal tezligi esa 956 kilometr soat, uchish balandligi 13 100 metr.

Aviaparkning modernizatsiya qilinishi O‘zbekiston milliy aviakompaniyasiga xalqaro aviatashuvlar bozorida respublikaning manfaatlarini munosib tarzda namoyish etish, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, xususan, ichki va tashqi turizm sohasini rivojlanishiga imkon yaratadi. Albatta, milliy aviakompaniyaning taraqqiyot yo‘lida yangi bosqichni boshlab beradi.

O‘QING: AQSh o‘zining “yangi” F-35 jangovar samolyoti bilan raqiblarini qo‘rqitmoqchi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.