Brilliant displeyli smartfonlargacha oz qoldi!

Brilliant displeyli smartfonlargacha oz qoldi!

Ayni paytda OLED-displey texnologiya asosida smartfon sanoati uchun eng ilg‘or ekranlar yetkazib berilmoqda. Ayniqsa, eng qimmat flagmanlar ishlab chiqaruvchi Apple kompaniyasi ham ilg‘or smartfonida OLED matritsali displeydan foydalangach, jahon miqyosida bunday ekranlarga ehtiyoj keskin oshib ketdi.

Biroq, joriy yilda jahon smartfon sanoatida yangi turdagi innovatsion displeylar kutilmoqda. Shu kunlarda ekran texnologiyasini takomillashtiruvchi Akhan kompaniyasi brilliant qoplamali ekranlarning prototipini sinovdan o‘tkazmoqda.

Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, yangi displeylar hozir eng ilg‘or smartfonlarda o‘rnatilayotgan displeylardan 6 barobar pishiq va 10 barobargacha mustahkam bo‘ladi.

Mirage Diamond Glass deb nom olgan bu texnologiyaga ko‘ra, smartfon ekranlarida laboratoriyalarda tayyorlangan sun’iy brilliant toshidan foydalaniladi. Bu xomashyo ekran shishasi tarkibiga qo‘shiladi. Natijada, “nanokarkas” deb nom olgan displeylar hosil bo‘ladi. Bunday displeylar tashqi ta’sirlarga ham chidamli bo‘ladi.

Akhan vakillarining ma’lum qilishlaricha, brilliant nano-qoplamalardan an’anaviy Gorilla Glass ekranlarini ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.

Hozirda Akhan ekspertlari Mirage Diamond Glass xomashyosining smartfondan foydalanishda yaratib beradigan qulayliklarini o‘rganishmoqda. Jumladan, yangi turdagi ekranlar tasvirning yorqinligini, shu bilan birga ko‘zni oluvchi yorug‘likni qaytarishga moslashtirilgan bo‘ladi. Natijada, yorug‘ sharoitda ham ekrandan bemalol foydalanish mumkin.

Brilliant displeyli smartfonlarning 2019 yilda namoyish etilishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!