Britaniyadagi changyutkichlar ishlab chiqaruvchisi elektrokar ustida izlanmoqda

Britaniyadagi changyutkichlar ishlab chiqaruvchisi elektrokar ustida izlanmoqda

Britaniyadagi changyutkichlari bilan mashhur Dyson xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaruvchisi elektr avtomobil ishlanmasi ustida shug‘ullanmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.

“Britan hukumati o‘zining Malmsberidagi bosh qarorgohida yangi elektrokar va uning batareyalarini ishlab chiqarishi kerak bo‘lgan Dyson kompaniyasiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Investitsiya hajmi 174 million funt sterling(246 million dollar)ni tashkil etadi. Bundan tashqari, 500 dan ziyod qo‘shimcha ish o‘rni tashkil etilib, ularning aksariyati muhandislarga taqdim etiladi”, deyiladi britan hukumati saytiga joylashtirilgan hujjatda.

Rejada keltirilishicha, Dyson yangi akkumulyatorlar yaratish uchun 16 million funt (22 million dollar) miqdorida grant oladi. Dyson vakillari esa elektrokar ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashni istashmagan. Ular buni ishlanma bosqichidagi mahsulotlar to‘g‘risida ma’lumot berish taqiqlangani bilan izohlashgan.

Dyson kompaniyasiga 1992 yilda ingliz kashfiyotchisi va sanoat dizayneri ser Jeyms Dayson tomonidan asos solingan. 1970 yilda u jihozlanmagan qirg‘oqlarga ham kelib to‘xtaydigan tezyurar Rotork Sea Track harbiy kemasini ishlab chiqqan edi. Bundan tashqari, kashfiyotchi sharsimon ko‘rinishdagi g‘ildiraklarga ega Ballbarrow aravasini ham ixtiro qilgan bo‘lib, u turli murakkab burilishlarda ham osongina boshqariladi.

Boshqa kashfiyotlari sifatida aylanma filtratsiyali yangi turdagi changyutkich, standart turdagilariga qaraganda o‘n barobar tezroq ishlaydigan gigiyenik qo‘l quritkich, jonivorlar yungini tozalash uchun changyutkich va xavfsiz ventilyatorlarni aytish mumkin.

Dyson kompaniyasi texnikalarida ixcham, yengil, samarali va tejamkor elektromotorlar qo‘llaniladi. Xuddi shunday motor yangi elektromotorga ham o‘rnatilishi mumkin. Britan firmasi ishlanmalari uchun 2014-2018 yillarda sarflaydigan sarmoyalarning umumiy miqdori esa 1,5 milliard funt sterling(2,1 mlrd dollar)ni tashkil etadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.