Bugun hech kimning tug‘ilgan kuni emas! Buni hammaga tarqating va «bonus»ga ega bo‘ling!

Bugun hech kimning tug‘ilgan kuni emas! Buni hammaga tarqating va «bonus»ga ega bo‘ling!

XXI asr — texnologiya asri. Texnologiya asrining afzalligi shundaki, unda axborot almashish, ma’lumotga ega bo‘lish har qachongidan oson, qulay va arzondir. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi — texnologiya rivojining o‘ziga xos kamchilik va salbiy tomonlari borligini hech kim rad eta olmaydi.

So‘nggi yillarda turli ijtimoiy tarmoq platformlari va tezkor messenjerlarning paydo bo‘lgani va ularda ma’lumot ulashish soniyaning ulushlari oralig‘ida sodir bo‘lishi insonlar o‘rtasidagi muloqotni yengillashtirdi, turli bizneslar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Vaholanki, aynan mana shu zamonaviy axborot vositalari ba’zi insonlar uchun noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, insonlar ongini haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotlar bilan to‘ldirishda xizmat qiluvchi qurolga ham aylanib ulgurdi. Ushbu noboplik shunchalar ommalashganidan, hatto, uning uchun alohida termin ham yaratildi — «dezinformatsiya».

Global tarmoqning o‘zbek segmentida eng keng tarqalgan dezinformatsiya turi odamlarning soddaligidan foydalanib, ularni laqqa tushirishga asoslanadi. Hammamiz turli chat va guruhlarda «Bugun falonchi kompaniyaning tug‘ilgan kuni. Bu xabarni 10 kishiga jo‘nating va kompaniya sizga bir soatda 10GB beradi», kabi xabarlarga duch kelganmiz. Bunga ishongan tanishlarimiz esa ushbu xabarni 10 ta emas, balki 100 kishiga jo‘natgan. Mana bu haqiqiy dezinformatsiya! Keling, shu yerda mana shu turdagi xabarlarga izoh berib ketsak. Xo‘sh, nega bu xabar to‘g‘ri bo‘lishi mumkin emas? Odamlar nima uchun bu xil yolg‘onlarni o‘ylab topadi? Avvalo, aytish kerakki, messenjerlar, jumladan, yurtimizda ommalashgan Telegram foydalanuvchi xavfsizligiga jiddiy e’tibor berib, turli murakkab shifrlash texnologiyalaridan foydalanadi. Bu esa xabaringizni o‘zingiz va siz jo‘natgan odamdan boshqa o‘rtadagi uchinchi tomon o‘qiy olmaydi, deganidir. Endi, o‘ylab ko‘ring: agar operator siz yuqoridagi kabi tug‘ilgan kun haqidagi xabarni 10 kishiga jo‘natganingizni o‘qiy olmasa, sizga qanday qilib bonus taqdim qilsin?! Ikkinchidan, operatorga tug‘ilgan kuni haqidagi xabarni tarqatishdan nima naf? 10GB internetni UzMobile, Beeline, Ucell, UMS, Perfectum kabi operatorlar sizga tekinga beradi, deb o‘ylaysizmi? Ular shunchalar laqma ko‘rinadimi? Abonentga 8GB trafik sotish evaziga UzMobile, masalan, 41 ming so‘m pul topadi. Bu mablag‘dan kompaniya hech narsadan-hech narsa voz kechishiga ishonasizmi? Bundan tashqari, bu kabi yolg‘on ma’lumotni tarqatayotganlar soni necha mingni tashkil qiladi, buni hech kim bilmaydi. Agar kompaniya tug‘ilgan kunida sizga sovg‘a bermoqchi bo‘lsa, xuddi UzMobile kabi maxsus USSD kod orqali beradi va sovg‘a hajmi hech qachon 10GB bo‘lmaydi!

Yuqoridagi kabi ma’lumot ko‘pchilikka jiddiy zarar yetkazmas, eng yomon hollarda ba’zilar kompaniyaga telefon qilib «haqli ravishda erishgan» 10GBini talab qilib, operatorning boshini og‘ritishi mumkin. Ammo muammo bu bilan cheklanib qolmaydi. Biror bir Telegram guruhida do‘stlaringiz bilan muloqot qilib turgan bir mahalingiz kimdir «Bu narsa rost ekan! Start berganlarga 20 dollardan pul berilyapti! Ssilka ustiga bosib, botga start bering va boyib keting!» degan ko‘rinishdagi xabar keladi. Bot biror bir bank yoki puldor tashkilot nomidan ochilgan bo‘ladi. Botni yaratuvchilarning asl maqsadi bizga qorong‘u, ammo mana shu botlarga start berib, «ishlab topgan pul»ingizni yechib olmoqchi bo‘lganingizda, sizdan karta raqamingiz so‘raladi... Gap nimadaligini o‘zingiz tushundingiz, degan umiddamiz. Balki bu botni yaratgan inson sizning karta ma’lumotlaringiz bilan hech narsa qila olmas, ammo uning noma’qul boshqa maqsadi amalga oshirilishiga o‘z hissangizni qo‘shmang. Mulohaza qiling: botga start berilishidan kimga nima foyda? Nima uchun tekindan-tekin sizga 20 dollar, qo‘yingki, 1000 so‘m «beryapti» u kimsa?

Yuqoridagi har ikki holatda ham omadingiz kelib, boshqalarga jo‘natgan noto‘g‘ri ma’lumotlaringizdan na o‘zingiz, na boshqalar zarar ko‘rar, ammo quyidagi holatda haqiqiy xatolik va balkim gunoh sodir bo‘ladi. Telegram'da kanal va guruh ochishning osonligi bois har kim istalgan gapini ayta oladi. Hatto Telegram'da shunday guruh borki, u yerda Xudo nomidan asossiz gaplar yoziladi va eng qizig‘i, bir necha oy oldin shu kanalni undagi kontentni tahlil qilish maqsadida topib, ko‘rganimizdan 300 kishidan ortiq odam unga a’zoligiga guvoh bo‘lib, yoqamizni tishlab qolgandik. Ha, to‘g‘ri tushundingiz, gap diniy mavzudagi kanallar va shu mavzudagi kontent haqida ketyapti. Diniy dezinformatsiya ham avjida. Ba’zi «dindor»lar odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, o‘zlarining biror bir ilmiy asosga ega bo‘lmagan gaplarini ommalshtiradi. Bu mana bunday ko‘rinishda amalga oshadi: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: ... Bu xabarni 10 kishiga jo‘natsangiz, ikki kun ichida sizga g‘oyibdan katta boylik keladi, agar baxillik qilib, hech kimga jo‘natmasangiz, bor budingizdan ajralasiz». Xo‘p, aytaylik, Payg‘ambar alayhissalom nomidan keltirilgan hadis sahihdir, bu postni tayyorlab, tarqatgan odam ishonchli manbadan foydalangandir, ammo bir o‘ylab ko‘ring: saodat asrida Telegram bo‘lganmi? O‘sha davrda bu kabi xabarlarni onlayn ravishda 10 kishiga jo‘natish imkoni mavjudmidi? Nega katta boylik va’da qilinyapti? Kelib chiqishi tasdiqlanmagan xabarni tarqatmaganlik uchun nega ilohiy jazo beriladi? Ozgina mulohaza qilsangiz, bu yerda biror bir odamning o‘z kanalini reklama qilib, odam yig‘moqchiligini tushunasiz.

Hozirgi sharoitda eng ishonchli manbalardan foydalanib, shunga ko‘ra qaror chiqarishga odatlaning. Umumiy mavzudagi yangiliklar uchun taniqli nashrlarning @kunuzofficial, @Daryo, @qalampir va @sofuzb Telegram kanallaridan foydalaning. O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat borasidagi yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun @koronavirusinfouz Telegram kanaliga a’zo bo‘ling. Diniy maslahat va ma’lumotlar uchun @mehrob_uz kanaliga murojaat qiling.

Ogoh bo‘ling! Internet va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabar, nomaqbul material tarqatganlik yoki amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan xatti-harakatlarni amalga oshirganlik uchun qonun oldida javobgarlik belgilangan. Bunga yaqinda Telegram'da pornografik kontent tarqatgan yoki ijtimoiy tarmoqda o‘zbek tilini «isqirt» deb atagan yigitlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilganini misol qilib keltirish mumkin.

Keyingi safar biror bir xabarni Telegram'dagi do‘stlaringizga tarqatishdan oldin bundan hech kim zarar ko‘rmasligi haqida o‘ylang! Axborot xuruji davrida dezinformatsiya ishtirokchisi yoki qurboniga aylanib qolmang.

Endi sizdan bir iltimos. Ushbu xabarimizni hammaga tarqating va hayot «bonus»iga ega bo‘ling, ya’ni yaxshilik qiling!

O‘QING: «O‘zbektelekom» ogohlantiradi: «Respublikamizning yettita hududida mana shu kunlari aloqada uzilishlar bo‘lishi mumkin»

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.