Buklanadigan smartfon shu yildayoq chiqishi mumkin!

  •   DiMaX
  •  2476
  •  13.02.2017 15:05

Buklanadigan smartfon shu yildayoq chiqishi mumkin!

Samsung mutaxassislari, aftidan, buklab yig‘ib qo‘yiladigan mobil qurilma ustida olib borayotgan maxfiy ishlarini yakunlab qolishgan, deb yozadi qwrt.ru sayti.

7 dyuymlik baxt

Korea Herald nashri jurnalistlarining nomi sir tutilgan manbalardan olgan ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya chindan ham 7 dyuymlik yig‘ma smartfon-planshet ustida ish olib bormoqda. Uning ekrani shu darajada bo‘ladiki, smartfonni xuddi bir paytlari mashhur bo‘lgan «raskladushka» telefonlar singari buklab, cho‘ntakka solib ketaverish mumkin bo‘ladi.

Buklama smartfon konseptini quyidagi videoda ko‘rish mumkin.

Koreyslar avvaliga telefonni xuddi gilamchadek o‘rab qo‘yiladigan qilib ishlamoqchi edilar, deyiladi xabarda. Ammo keyinchalik buning oddiy foydalanuvchi uchun o‘ta murakkab bo‘lishini o‘ylab, buklama smartfon chiqarishga qo‘l urishgan.

Nima bo‘lganda ham, joriy yilning uchinchi choragiga borib Samsung shunaqa smartfonlardan 100 000 donasini sotuvga qo‘yishi ehtimoli yuqori.

Nima keragi bor?

O‘rinli savol: nima keragi bor o‘zi shunaqa matoh ishlab chiqarishning!? Javobiyam tayyor: sir emaski, keyingi yillarda smartfonlar bozori sal sovigandek bo‘lyapti. Aniqrog‘i, turfa gadjetlar chiqarilyapti, ammo o‘rtacha smartfonning tashqi qiyofasi ma’lum bir shaklga kelib bo‘ldi. Bunaqalari o‘zaro o‘xshashligi bilan zerikarli bo‘lib qoldi, endi dizayn masalasida qandaydir o‘zgacha yangilik yaratish kerak.

Rivojlangan mamlakatlardagi foydalanuvchilarni hozirgi smartfonlardagi ko‘p jihatlar hayratga solmay qo‘ydi. Buni hisobga olgan ishlab chiqaruvchilar dizayn bo‘yicha turfa yangiliklar yaratishga jiddiy kirishib ketishgan: qismlari ajralib-ulanadigan modulli smartfon, gardishsiz (ramkasiz) smartfon, bukiladigan smartfon…

Yangi turdagi mazkur qurilma iste’molchilarning sovigan hayratlarini jonlantirib yuborishi ko‘zda tutilmoqda. To‘g‘ri, Samsung masalaning moddiy jihatiga ham befarq emas – bu mahsuloti tufayli u moliyaviy yilni daromad bilan yakunlashni ko‘zlayapti.

«Inqilob» operatsiyasi

Aslini olganda, innovatsion loyihalar iste’molchilar tomonidan sohaga katta miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirishiga olib keladi. Masalan, 2007 yilda Stiv Jobs ilk iPhone’ni ko‘tarib sahnaga chiqqanida dunyo bo‘ylab yuzaga kelgan hayajonlarni bir eslab ko‘ring-da.

Endi Samsung ham shunday inqilobiy qadam tashlab, raqobatchilaridan bir qadam oldinlab ketishga urinmoqda. Lekin bunaqa qadamlar hamisha ham o‘zini oqlayvermaydi. Jumladan, LG’ning modulli smartfoni – G5 modeli bunga yaqqol misoldir.

Biroq buklama ekranli «raskladushka»-smartfon – muhandislar va dizaynerlar uchun o‘ta jozibali matoh, uni bir marta bo‘lsayam qo‘liga olib ishlatib ko‘rgisi keladi odamning. Shuningdek, yangilikka o‘ch yoshlar, antiqa gadjetlarini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘ruvchi badavlat kishilar ham bunaqa qurilmaga qiziqishlari tabiiy. Samsung masalaning aynan shu jihatlarini ham hisobga olgani aniq.

Mayli, omon bo‘lsak ko‘rarmiz. Har ehtimolga qarshi, bizdan uzoqlashmang…

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!