Bunaqasi bo‘lmagan: Qualcomm ustidan bo‘layotgan sudda Apple jarimaga tortildi!

  •   DiMaX
  •  1433
  •  26.12.2017 13:40

Bunaqasi bo‘lmagan: Qualcomm ustidan bo‘layotgan sudda Apple jarimaga tortildi!

AQSh Federal savdo komissiyasi hamda Qualcomm protsessorlari ishlab chiqaruvchilari orasida kechayotgan sud jarayonida Apple korporatsiyasi jarimaga tortildi. Bu haqda, sud ishi materiallariga asoslangan holda 9to5Mac nashri xabar bergan.

O‘QING: Samsung va Apple’ning uch yillik sudi yakunlandi: mag‘lub 120 million dollar to‘laydi

Gap shundaki, Federal savdo komissiyasi (FSK) protsessorlar bozorida monopoliya o‘rnatganlikda ayblab Qualcomm’ni sudga bergan edi. Chiplar ishlab chiqaruvchi kompaniyaga qarshi sud ishida FSKning yordamchilaridan biri sifatida Apple ham ishtirok etayotgandi. Kupertinolik gigant bu ishda Qualcomm’ning aybini isbotlashga yordam berishi lozim edi.

Ammo Apple kerakli hujjatlar to‘plamini sudga o‘z vaqtida, ya’ni avvaldan kelishilganidek 15 dekabrgacha yetkazib bergani yo‘q. Shu bois, kupertinolik gigantga kechiktirilgan har bir kun uchun 25 000 dollar miqdorida jarima belgilandi.

Mazkur xabar saytda e’lon qilinayotgan paytgacha ham Apple kerakli hujjatlar to‘plamini taqdim etganligi haqida ma’lumot chiqmagan edi. Kaliforniya shtati sudyasi esa, agar bu materiallar 29 dekabrgacha yetkazilmasa, jarima miqdorini yanada oshirishga qaror qilgan. Kupertinoliklarning ta’kidlashlaricha, taqdim etiladigan hujjatlar to‘plami juda katta va ularni aytilgan vaqtgacha tayyorlab yetkazishning amalda iloji yo‘q. Shu bois Apple jarimani olib tashlashni talab etib qarshi da’vo qo‘zg‘ash niyatida.

Bu ishdan tashqari, Qualcomm kompaniyasi Xitoyda iPhone sotilishini taqiqlash hamda bu mamlakatda ishlab chiqarilishini cheklash maqsadida Apple ustidan sudga ariza topshirgan. Protsessor ishlab chiqaruvchi kompaniyaning da’vosiga ko‘ra, Apple ularning uyali aloqa sohasidagi kamida oltita patentidan foydalanib kelmoqda.

O‘QING: Qualcomm Xitoyda iPhone ishlab chiqarishga chek qo‘ymoqchi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!