Buxoroda havodan suv oluvchi qurilma ishga tushdi

  •   DiMaX
  •  1143
  •  15.05.2019 08:28

Buxoroda havodan suv oluvchi qurilma ishga tushdi

Joriy yilning 14 may kuni Buxoro shahrida «Gen-350» atmosfera suv generatori o‘rnatildi. Mazkur ish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroilning «Watergen Ltd.», Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda amalga oshirildi, deyiladi vazirlik xabarida.

O‘QING: Suvi tugab qolsa ham ishlaydigan dush yaratildi

Havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi mazkur havo-suv generatori qurilmasi bir sutkada o‘rtacha miqdorda 900 litrgacha toza suv ishlab chiqaradi. «Watergen» texnologiyasi asosidagi «GENiusTm», «Gen-350» qurilmalari dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo-suv generatori bo‘lib (AWG), u kam quvvat iste’moli bilan ko‘proq suv hosil qilish imkonini beradi. Qurilma, shuningdek, bir nechta to‘siqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

Ta’kidlash joizki, atmosfera havosi namlikning ulkan rezervuari hisoblanadi va hatto quruq iqlimli hududlarda ham odatda 1 kv. m. havoda 6-10 gr.gacha suv bo‘ladi. Issiq quruq, cho‘l hududlaridagi yerga yaqin joylashgan 1 kv. km. atmosfera qatlamlarida 20 000 tonna suv bug‘i mavjuddir.

O‘QING: Yurtimizning chekka hududlarida Q-Box moslamalari o‘rnatilmoqda

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholining beshdan bir qismi suv taqchilligi muammosi mavjud hududlarda yashaydi. Bundan tashqari, jahon ahlining to‘rtdan bir qismi yer osti suvlari va daryolardagi suvlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi infratuzilmalar mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Suv tanqisligi global muammoga aylanib ulgurgan hozirgi zamonda cho‘l hududlarida suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, biologik tizimni muvozanatga keltirish, o‘simlik va hayvonot dunyosini suv bilan ta’minlash maqsadida havodan suv olish loyihasini amalda sinash respublikamiz uchun o‘ta muhim sanaladi.

Shunday qilib, ushbu qurilma Innovatsion rivojlanish vazirligi boshchiligida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish uchun yurtimizda ilk bor Buxoro shahrida o‘rnatildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 12 may kungi Isroil davlati delegatsiyasi bilan uchrashuvida ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda 2 oydan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida ham qurilmani amaliyotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi. Vazir, shuningdek, kelgusida har bir xonadon uchun mo‘ljallangan havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi kichik hajmdagi havo-suv generatori qurilmalarini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy takliflar berdi.

O‘QING: Tarkibida suv ko‘p bo‘lgan yoqilg‘ining alanga olishini ko‘ring

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!