CES 2020: Dunyodagi ilk haqiqiy buklama planshetni xitoyliklar namoyish etishdi

  •   DiMaX
  •  829
  •  07.01.2020 12:02

CES 2020: Dunyodagi ilk haqiqiy buklama planshetni xitoyliklar namoyish etishdi

Las-Vegas shahrida 7–10 yanvar kunlari bo‘lib o‘tayotgan Iste’molchilar elektronikasi ko‘rgazmasi (yoki Maishiy elektronika shousi – Consumer Electronics Show, CES 2020) ochilishi arafasida Lenovo yangi mahsulotini taqdim etdi. Bu – qayishqoq ekranga ega jahonda birinchi haqiqiy buklama planshetdir.

O‘QING: Peakago – atigi 300 dollarlik, eng mitti noutbuk-planshet! (+video)

Aytish kerakki, ushbu xitoylik kompaniya o‘tgan yili prototip bosqichidagi Lenovo ThinkPad X1 buklama noutbukini namoyish etgan edi. Kecha taqdim etilgan planshet esa shuning bozorga chiqarishga tayyor bo‘lgan yakuniy modelidir va u Lenovo ThinkPad X1 Fold deb nomlangan.

Planshet bir kilogrammdan kamroq vaznga ega, Lenovo’ning ta’kidlashicha, uni tayyorlashda yengil qotishmalar hamda uglerod tolasi qo‘llangan. Yoyilgan holatida u 13,3 dyuymlik sensorli ekrandan foydalanish mumkin. OLED matritsali displeyning tasvir aniqligi 2048x1536 piksellik. ThinkPad X1 Fold yana ikkita mustaqil ekranli noutbuk rejimida, shuningdek, desktop kompyuter rejimida ham ishlay oladi.

ThinkPad X1 Fold buklanganida orada sezilarli ochiq joy qoladi, ammo konstruksiyaning bu kamchiligidan ham Lenovo samarali foydalangan. Bu yerga magnit yordamida yopishtiriluvchi Mini Fold nomli Bluetooth-klaviaturani qo‘yish tavsiya etiladi. U buklama planshetning noutbuk hamda desktop kompyuter rejimlarida qo‘llanadi.

O‘QING: Kompyuter tilni odamdan ko‘ra yaxshiroq anglay boshladi!

Lenovo ushbu qurilmasiga Intel Core protsessorini o‘rnatgan, ammo uning samaradorligi hozircha noma’lum. Buklama planshetning tezkor xotirasi 8 gigabaytlik bo‘lib, ichki xotira sifatida 1 terabaytgacha SSD-disk qo‘llanadi.

Lenovo ThinkPad X1 Fold shu yilning ikkinchi yarmidan, 2499 dollar narxida savdoga qo‘yiladi. Uning jamlanmasiga ko‘tarib qo‘yiluvchi taglikli charm g‘ilof, Mini Fold klaviaturasi hamda stilus ham kiradi.

Sotuvga chiqqan paytida bu planshetga Windows 10 Pro operatsion tizimi o‘rnatilgan bo‘ladi. Lenovo keyinchalik uni hozircha taqdim etilmagan Windows 10X operatsion tizimi bilan chiqarishni nazarda tutmoqda.

O‘QING: Kokain mojarosi: Samsung va boshqalar atigi 349 dollarlik buklamafondan nega qo‘rqyapti?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.