Cheksiz reaksiyalar, emoji statuslar va boshqalar

Cheksiz reaksiyalar, emoji statuslar va boshqalar

Telegram messenjer ilovalari uchun navbatdagi yangilanish chiqarildi va u bir qancha yaxshilanish va yangilanishlarni o'z ichiga oladi.

Cheksiz reaksiyalar

Endilikda barcha foydalanuvchilar, avval premium bo'lgan standart reaksiyalardan bepul foydalanishlari mumkin. Ushbu yangilanish bilan reaksiyalar paneli qayta dizaynlangan va uni kengaytirsa bo'ladi. Bunda tez-tez foydalaniladigan reaksiyalar yuqorida paydo bo'ladi.

Telegram pullik obunasi egalari esa endi istalgan maxsus emojilar bilan reaksiya bildirishlari mumkin. Bu esa ularga cheksiz reaksiyalar tanlovini beradi. Qolaversa, premium foydalanuvchilar bitta xabarga 3 tagacha reaksiya bildirishlari ham mumkin.

Maxsus emojilar bilan reaksiya bildirish hozircha faqat birga-bir chatlarda va guruhlarda mavjud, kanallarda emas. Guruh adminlari o'z guruhlarida maxsus reaksiyalardan foydalanishga ruxsat berishlari yoki taqiqlashlari mumkin.

Emoji statuslar

Premium foydalanuvchilar uchun yangi funksiya: endi siz profilingizdagi premiumlik nishoni (yulduzcha) o'rniga qanday holatda ekaningiz yoki nima bilan shug'ullanayotganingizni bildirish uchun istalgan animatsiyalangan emojini status sifatida qo'yishingiz mumkin.

Bunda siz ranggi turli Telegram mavzulariga qarab o'zgaradigan 7 xil standart statuslardan yoki istalgan maxsus emojilardan birini tanlasangiz bo'ladi. Emojini ustiga bosib turish bilan ularni faqat ma'lum vaqt uchun o'rnatish ham mumkin.

Akkauntga email orqali kirish

Endi Telegram akkauntga kirishda login-kodlarni email orqali qabul qilish mumkin. Shuningdek, akkauntga Apple yoki Google orqali kirish imkoni ham yaratilgan.

iOS qurilmalarida Telegram'ga kirish yoki unda ro'yxatdan o'tish yangi interfeys va animatsiyalar bilan yanada zamonaviylashtirilgan.

Android ilovalarda yuklanmalarga ustuvorlik berish

Yaqinda Telegram'ga yuklab olinayotgan media yoki fayllarni alohida bo'limda ko'rish imkoni yaratilgan edi.

Endilikda siz yuklanmalarni bosib turish orqali ularning ustuvorligini o'zgartrishingiz va kerakli narsani birinchi bo'lib, tezroq yuklab olish mumkin. Ushbu xususiyat allaqachon iOS ilovalarida mavjud.

Android ilovalarida kichik dizayn yaxshilanishlari

Android uchun Telegram ilovasiga foto yoki videolarni ochish-yopishda yangicha ravon animatsiyasini ko'rish mumkin. 

Qolaversa, Android 13 yoki undan yuqori versiya egalari mavzu asosiy ranggiga avtomatik moslasha oladigan Telegram ikonkasini ham tanlashlari mumkin.

Shuningdek, Pavel Durov yaqinda ma'lum qilganidek, endi yuzerneymlar yangicha havolaga ham ega. Endi siz nafaqat t.me/username linkidan, balki username.t.me ko'rinishdagi linkdan ham foydalanishingiz mumkin.

Yangilanishni Android uchun Google Play Store, iOS uchun AppStore ilovalar do'koni orqali qabul qilib olishingiz mumkin.

O'QING: Nothing yangi mahsulot taqdim qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!