Chrome’da yaxlit sahifadan skrinshot olish

  •   DiMaX
  •  1592
  •  06.05.2017 10:29

Chrome’da yaxlit sahifadan skrinshot olish

Odatda brauzerimiz oynasida veb-sahifaning bir qisminigina ko‘ramiz, qolgan qismini ko‘rish uchun esa skrolldan foydalanamiz – sichqonchaning g‘ildiragi orqali yoki klaviatura tugmachalari yordamida pastga (yoki yuqoriga) yuramiz. Agar skrinshot olish kerak bo‘lib qolsa, faqat shu ko‘rinib turgan qisminigina saqlay olamiz.

Ammo ba’zida sahifani yaxlitligicha surat sifatida saqlab qo‘yish zarurati tug‘iladi. Ekranga siqqanicha har bir qismdan alohida skrinshotlar olib, keyin ularni biror grafika dasturida bitta suratga yig‘ish – uzoq davom etadigan jarayon. Shu bois bu masalani hal etish uchun Full Page Screen Capture kengaytmasi ishlab chiqilgan.

Uni mana bu havola orqali o‘tib, Google Chrome brauzeringizga o‘rnatib olganingizdan so‘ng jihozlar penalida fotoapparat belgichasi tushirilgan tugmacha paydo bo‘ladi. Biror sahifani skrinshot sifatida saqlash kerak bo‘lganida, shu tugmachani bosasiz. Sahifa avtomatik tarzda yuqariga ko‘tarilib – pastki qismlari ko‘rinib boradi; tepada esa jarayonni aks ettiruvchi qiziq indikator chiqib turadi.

Keyin esa brauzerda yangi varaqa ochiladi, unda kengaytma ishining natijasi – skrinshot aks etadi. Uni asl kattaligi bo‘yicha ko‘rish, kompyuterda saqlab qo‘yish yoki o‘chirib yuborish mumkin. Shuningdek, kengaytma o‘zi skrinshot olgan vaziyatlar tarixini saqlab qo‘yadi. Zarurat tug‘ilgan payti ulardan istalgan birini tiklash imkoni bor.

Yuqoridagi suratda saytimizning bosh sahifasidan Full Page Screen Capture kengaytmasi yordamida olingan skrinshot aks etgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!