Chrome OS raqobatchisi – Windows 10 S taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1423
  •  03.05.2017 10:45

Chrome OS raqobatchisi – Windows 10 S taqdim etildi

Nyu-Yorkdagi tadbir davomida Microsoft o‘zining Windows 10 S operatsion tizimini namoyish etdi. Kompaniya buni hamyonbop kompyuterlarda ishlash uchun optimallashtirilgan – yengil operatsion tizim versiyasi sifatida taqdim qilmoqda.

Windows 10 S’da dasturlarning, jumladan, to‘laqonli Office to‘plamining ham to‘liq desktop versiyalari bemalol ishlaydi. Yagona sharti – bu ilovalar Windows Store’da mavjud bo‘lishi lozim.

Ya’ni, agar Google o‘zining Chrome brauzerini Windows Store’ga yuklasagina, uni yangicha operatsion tizimga o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Shungacha  esa Microsoft o‘zining Edge brauzerini ommalashtirishda davom etaveradi.

Agarda foydalanuvchi biror dasturni Microsoft’ning do‘konidan emas, boshqa manbadan yuklab olishga urinsa, tizim unga shu dasturning Windows Store’dagi muqobilini taklif qiladi. Agarda o‘sha chet ilovaning o‘zi kerak bo‘lsa, foydalanuvchi o‘z kompyuteri tizimini Windows 10’ga yangilashi va keyin istalgan dasturni xohlagan joydan ko‘chirib olib o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Dell, HP, Samsung, Toshiba, Acer, Asus va Fujitsu allaqachon Windows 10 S’ga mos qurilmalar ustida ish boshlashgan.

Yangi tizimni qo‘llab-quvvatlovchi boshlang‘ich darajadagi noutbuklar narxi 189 AQSh dollaridan boshlanishi aytilmoqda.

Mazkur kompyuterlar avvalo ta’lim sohasiga mo‘ljallangan; shu bois narxi hamyonbop, yana unda Minecraft: Education Edition hamda Office 365 dasturlariga o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun bepul obuna yo‘lga qo‘yilgan. Bulardan tashqari, maktablarga o‘zlarining eski kompyuterlariga Windows 10 S’ni bepul o‘rnatish ham taklif qilinadi.

Yangi operatsion tizimni hamda uning bazasida chiqariladigan noutbuklarni shu yil yozda – aynan yangi o‘quv yili arafasida sinab ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!