Cookies-fayllar nima, ularni nega va qanday qilib o‘chirish kerak?

  •   DiMaX
  •  5326
  •  08.01.2020 14:09

Cookies-fayllar nima, ularni nega va qanday qilib o‘chirish kerak?

Siz o‘z qurilmangiz orqali istalgan saytga kirganingizda, sizning kompyuteringiz, noutbukingiz, planshetingiz yoki smartfoningizga uning veb-serveridagi ma’lumotlar yuklab olinadi. Shular «kuki» (yoki cookies) deb ataladi va bu so‘zning aynan tarjimasi «pechene» deganidir.

O‘QING: Raqamli barmoq izi va uni yashirish

«Kuki»lar foydalanuvchining o‘sha sayt bilan bog‘liq sozlamalari va uning qaysi sahifalariga ko‘proq kirishi haqidagi ma’lumotlarni, avtorizatsiya va boshqa statistik axborotlarni o‘zida saqlaydi. Masalan, server sizni aynan cookies-fayllar sababli eslab qoladi va keyingi gal kirganingizda login-parol so‘rab o‘tirmaydi. Deylik, hattoki internet-do‘konda akkauntingiz bo‘lmasa-da, unda savatchaga solib qo‘ygan tovarlaringiz keyingi kirganingizda yo‘qolib qolmaganini ko‘rasiz.

Biroq cookies-fayllar foydalanuvchi uchun ayrim xavflar ham tug‘dirishi mumkin. Agar siz ko‘pchilik foydalanadigan, begona kompyuterda saytga kirgan bo‘lsangiz, keyinchalik aynan «kuki»lar sababli boshqalar sizning akkauntingizga kirishlari ehtimoli bor. Shuning uchun hamisha begona qurilmalar orqali internetga kirganda inkognito rejimida kirish, saytda avtorizatsiyadan o‘tayotganda «Eslab qolish» bandini o‘chirish talab etiladi.

Anglaganingizdek, cookies-fayllar sizning saytdan foydalanishingizni qulaylashtiradi, ammo maxfiylik borasida tavakkalga yo‘l ochadi. Shuningdek, xotirasi birmuncha kichik bo‘lgan qurilmalarda ular yig‘ilib qolib, ko‘proq joyni band etishi mumkin. Shu boisdan ora-orada «kuki»larni o‘chirib turish tavsiya etiladi. Bulardan tashqari, biror sayt to‘g‘ri ishlamayotgan hollarda ham eski cookies-fayllarni o‘chirish va brauzerning keshini tozalash foyda beradi – keyin o‘sha sayt sizni go‘yoki birinchi marta kirayotgandek qabul qiladi va «kuki»larni boshqatdan yuklaydi, natijada sayt to‘g‘ri aks etadi.

O‘QING: Google tizimida saqlanib qolgan shaxsiy ma’lumotlarni qanday o‘chirish mumkin?

Bunda mashhur CCleaner utilitasidan foydalansangiz ham, cookies-fayllarni o‘zingiz mustaqil o‘chirsangiz ham bo‘ladi. Birinchi usul osonroq: CCleaner ilovasini rasmiy saytidan yuklab olib o‘rnatasiz va ishga tushirasiz, chap ustundagi «Standartnaya ochistka» bo‘limini ochasiz. O‘chirish kerak bo‘lgan bandlar orasida faqat «cookies»ni belgilaysiz, shunda qolgan ma’lumotlaringiz o‘chib ketmaydi. Keyin «Ochistka»ni bosasiz va jarayon tugallanishini kutasiz – bo‘ldi.

Cookies-fayllarni mustaqil o‘chirish ham uncha qiyin emas – brauzerning tarixiga kirib, uni tozalaysiz, bunda aynan «kuki»lar bandini belgilash shart, qolganlari esa ixtiyoriy.

Google Chrome brauzerida buni amalga oshirish uchun manzil qatoriga chrome://settings/clearBrowserData deb yozasiz (yoki shu yerdan nusxalab tashlaysiz) va «Enter»ni bosasiz. Opera ilovasida esa ma’lumotlarni tozalash sozlamalari opera://settings/clearBrowserData manzilida joylashgan.

Shuningdek, barcha brauzerlar uchun umumiy bo‘lgan Ctrl + Shift + Del tugmachalar kombinatsiyasi ham ma’lumotlarni tozalash oynasini chaqiradi:

Demak, xavfsizlik uchun vaqti-vaqti bilan cookies-fayllarni o‘chirib turish zarar qilmaydi.

O‘QING: Google ta’qibidan qanday qutulish mumkin?