Counter-Strike Mobile? Valve o'zining taniqli shuterini mobil qurilmalarga chiqarishi mumkin!

Counter-Strike Mobile? Valve o'zining taniqli shuterini mobil qurilmalarga chiqarishi mumkin!

Mart oy boshida keng tarqalgan mish-mishlardan so'ng, Valve o'zining Counter-Strike 2 o'yinini rasman ommaga taqdim qildi. Bu hozirgi Counter-Strike: Global Offensive o'yinining Source 2 platformasiga o'tkazilgan versiyaga bo'lib, u hozirda sinovdan o'tkazilmoqda. Yangi Counter-Strike barqaror versiyada barcha uchun yozda chiqarilishi kutilayotgan bir vaqtda, Counter-Strike ishqibozlari mobil qurilmalar uchun tayyorlanayotganini iddao qilishmoqda.

Aquarius ismli Twitter foydalanuvchisi Source 2 manbasidan iOS va Android uchun qo'llab-quvvatlash kodlari borligini payqab qoldi va uning skrinshotlarini o'z sahifasiga joyladi. Skrinshotlarning biri o'yinning boshqa platformalar uchun, masalan, mobil qurilmalar uchun qo'llab-quvvatlanishini o'z ichiga oladi. Ikkinchisida esa o'sha mobil qurilma quvvatlanayotgan paytda fps (kadr/sekund) oshirilishi buyrug'i borligini ko'rishingiz mumkin.

Yana bir Counter-Strike ishqibozi, Gabe Follower ham Aquarius xabarini tasdiqlagan holda o'zining skrinshotlarini ulashdi. U Counter-Strike dasturchilari bir yillarcha avval o'yinni boshqa platformalar uchun chiqarishni rejalashtirayotganliklari haqida mish-mishlar tarqalganligini eslatadi.

Shuningdek, Gabe Follower skrinshotlardagi satrlar va buyruqlari boshqa o'yinlardan qolgan bo'lishi mumkinligini, lekin ular Dota 2 yoki Aperture Desk Job o'yinlarida mavjud emasligi, ammo Dota Underlords va Artifact (Valve Source 2 da iOS va Android uchun ishlab chiqilgan o'yinlar) da mavjud ekanligini ta'kidlaydi.

Dunyodagi eng mashhur shuter o'yinlardan biri bo'lishiga qaramay Counter-Strike shu kunga qadar hali rasman mobil versiyasida taqdim qilinmagan. Valorant, Call of Duty: Warzone kabi CS raqobatchilari esa allaqachon o'zlarining mobil versiyalarini ishlab chiqishmoqda. Mish-mishlar qanchalik to'g'ri bu hozircha noma'lum, lekin biz Valve'dan Counter-Strike Mobile o'yinini kutib qolamiz va sizni yangiliklardan xabardor qilib boramiz.