Daktiloskopik sensorli ekranga ega eng arzon smartfon – OPPO K1 taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  1389
  •  11.10.2018 11:24

Daktiloskopik sensorli ekranga ega eng arzon smartfon – OPPO K1 taqdim etildi!

Smartfonning barmoq izi skanerini bevosita displeyning o‘ziga integratsiya qilishni xitoyliklar, aniqrog‘i – Vivo kompaniyasi boshlab bergandi. Shundan so‘ng bu texnologiyani ko‘plab smartfonsozlar o‘zlarining flagmanlariga tatbiq eta boshlashgan, keyinchalik esa o‘rta narxli modellarga ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

O‘QING: Samsung’ning o‘rta narxli smartfonlarida ham skanerli ekran bo‘ladi

OPPO kompaniyasi esa barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylangan o‘rta narx toifasiga mansub yangi smartfonini allaqachon rasman taqdim qildi. OPPO K1 deb nomlangan mazkur gadjet ushbu texnologiyaga ega eng arzon telefon ekanligi bilan ham ahamiyatli.

OPPO K1 bundan boshqa ham qiziq jihatlari bilan maqtana oladi. Jumladan, unga takomillashtirilgan selfi-kamera va sakkiz yadroli protsessor o‘rnatilgan.

Yangi qurilmaning «elektron yuragi» – maksimal 2,2 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkizta yadroga ega Qualcomm Snapdragon 660 protsessoridir. Smartfon modifikatsiyasiga bog‘liq holda 4 yoki 6 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Doimiy xotirasi esa 64 dan to 256 gigabaytgacha bo‘lgan talqinlarda chiqadi, yana unga microSD formatli xotira kartasi ham joylash mumkin.

OPPO K1 modelining diagonaliga 6,4 dyuymlik Super AMOLED-displeyi tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatda. Tasvir aniqligi 2340x1080 pikselli bo‘lgan ushbu ekran yuqori qismi o‘rtasida old kamera uchun tomchisimon «kemtik»ka ega. Daktiloskopik skaneri esa displeyning pastki qismida joylashgan.

O‘QING: OPPO tayyorlagan – displeydagi daktiloskopik datchik dunyoda tengsiz!

Korpusning orqa qopqog‘i 3D-shishadan ishlangan. U yerda gorizontal joylashtirilgan qo‘shaloq kameraning asosiy moduli 16 megapikselli, yordamchi ob’yektivi esa 2 megapikselli. OPPO bu modelida selfi ishqibozlarini ham xursand qilishni ko‘zlagan – uning old kamerasi 25 megapikselli.

OPPO K1 devaysi ColorOS 5.2 grafik qobig‘i ostidagi Android 8.1 Oreo operatsion tizimi bilan ishlaydi. Batareyasining tok sig‘imi 3600 mA/soatni tashkil etadi.

Mazkur smartfon qizil va ko‘k korpuslarda ishlab chiqarilib, Xitoy hududida 20 oktyabrdan sotuvga chiqadi. Uning boshlang‘ich – 4/64 gigabaytlik xotiraga ega talqini 231 dollar, eng yuqori modifikatsiyasi esa 259 dollardan sotiladi.

O‘QING: OPPO R17 Pro taqdim etildi: uch modulli kamera, o‘ta tez quvvatlanuvchi ikkita akkumulyator va datchikli ekran!