Dasturchilar uchun Android 11 taqdim etildi – yangi imkoniyatlar bilan tanishamiz!

  •   DiMaX
  •  2301
  •  21.02.2020 15:43

Dasturchilar uchun Android 11 taqdim etildi – yangi imkoniyatlar bilan tanishamiz!

Google kompaniyasi sinovchi-dasturchilarga mo‘ljallangan Android 11 Developer Preview 1 apdeytini chiqardi. Uni hozirda faqat ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi avlod Google Pixel smartfonlarida, shuningdek Android Studio emulyatorida sinab ko‘rish mumkin.

O‘QING: Allaqachon Android 11’da ishlayotgan smartfonni ilk bor «jonli» ko‘ramiz!

Android 11 (yoki Android R) talqinida paydo bo‘ladigan yangi funksiyalarning ayni damgacha ma’lum bo‘lgan ro‘yxati quyidagicha:

  1. Yangi turlardagi, masalan – old kamera uchun kemtikli va tirqishli ekranlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo bukiluvchan displeylarni qo‘llab-quvvatlash funksiyasi hozircha yo‘q.
  2. 5G tarmoqlari bilan ishlash uchun yangi API’larni qo‘llab-quvvatlash yaxshilangan.
  3. Sarflanadigan trafik zaxirasidan, unnig cheksiz yoki narxlanuvchi ekanidan kelib chiqib, trafik sarfini nazorat qiluvchi texnologiyalar joriy etilgan.
  4. Bildirishnomalar «parda»si – «shtorka»da chatlarni ko‘rsatish yaxshilangan. Jumladan, shu yerning o‘zidanoq rasmlarni ko‘rish va yuborish imkoni mavjud.
  5. Sun’iy idrok tizimlarining bevosita smartfonning o‘zida ishlashi uchun Neural Networks API 1.3 qo‘llab-quvvatlovi qo‘shilgan.
  6. Tizimda himoya mustahkamlangan, jumladan – lokatsiyaga, mikrofon va kameraga ruxsat so‘raydigan ilovalar uchun bir martalik ruxsat joriy etilgan. Uzoq kutilgan Scoped Storage funksiyasi qo‘shilgan; shuning evaziga ilovalar endi o‘ziga tegishli bo‘lmagan jildlarga va tizim fayllariga kira olmaydi.
  7. Biometriya bilan ishlash ishlari yaxshilangan, fayllarning va shaxsiy ma’lumotlarning muhofazasi kuchaytirilgan.

Android 11 Developer Preview 1 yangilanishi yaqin orada boshqa smartfonsozlarning turli modellari uchun ham tarqatilsa ajabmas. Google odatda o‘z mobil operatsion tizimining «dasturchilar uchun» bir nechta sinov talqinini chiqarib, yozning oxirida yoki kuzda yirik apdeytning rasmiy relizini o‘tkazadi.

O‘QING: Android-qurilmalar egalariga xushxabar bor!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!