Dasturchilikdagi 3 kunda o‘zlashtirsa bo‘ladigan ko‘nikmalar

  •   DiMaX
  •  5516
  •  14.06.2017 17:37

Dasturchilikdagi 3 kunda o‘zlashtirsa bo‘ladigan ko‘nikmalar

Dasturchilik birmuncha murakkab, ayrimlar uchun hatto vahimali darajada qiyin ko‘rinadigan soha. Biroq unda ham oson o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan jihatlar mavjud.

Biz quyida, dasturchilikka qiziqqanlar uch kundayoq nimalarni o‘zlashtira olishlari mumkinligini sanab o‘tamiz. Ishtiyoq va ozroq qunt bo‘lsa, siz shularni o‘rganib olishingiz mumkin:

1. Linux

Linux bilan ishlash asoslarini uch kunda o‘rganish mumkin. Linux – eng keng tarqalgan, ommabop operatsion tizimlardan biri. Dasturchilikda asosan ushbu tizimdan foydalaniladi, ko‘pincha masofadagi serverlar uchun ham qo‘llanadi. Shuningdek, Kali Linux distributivi ko‘pincha axborot xavfsizligi sohasidagi mutaxassislar va xakerlar tomonidan ishlatiladi.

2. Versiyalar nazorati tizimi

Shuncha muddat mobaynida yana Versiyalar nazorati tizimi – VCS’lardan birini o‘zlashtirib olishingiz mumkin. Mazkur jihoz xatolardan saqlanishingizni kafolatlaydi. Chunki, agarda dasturdagi o‘zgartirishlar kerakli natijani bermasa, bir necha bosqich orqaga qaytishga to‘g‘ri keladi. Mana shu paytda  VCS’lar rosa ish beradi.

3.  Muhim resurslardan foydalanish

Agarda dasturlashga qiziqsangiz, Stack Overflow hamda uning ruscha analogi – Hashcode saytlarida profil ochib olganingiz ma’qul. Shundan keyin, mazkur savol va javoblar tizimlaridan foydalanishni o‘rgana boshlaysiz. U yerda kimdir foydali maslahatlar oladi, yana kimlardir bepul amaliyot o‘taydi.

4. JavaScript asoslari

Qisqa muddatda o‘rganish mumkin bo‘lganlardan yana biri JavaScript hisoblanadi. U Github’dagi eng ommabop dasturlash tilidir. Dasturchilikda node.js paydo bo‘lganidan keyin, JavaScript nafaqat frontend uchun qo‘llanuvchi texnologiya sifatida, balki bekend va konsol utilitalarini yaratishda ham faol qo‘llanmoqda.

5. Saralash

Uch kunda saralash algoritmlaridan birini o‘rganib olishingiz imkoni bor. Umuman olganda, tizimga solish hamisha ham ishni osonlashtiradi. Koderlar uchun esa u suv va havodek muhim.

6. Buyruqlar satrida ishlash

Dasturchining oddiy foydalanuvchidan farq qiluvchi jihatlaridan biri – buyruqlar satri bilan samarali ishlay olishidir. Siz ham buni o‘rganib olsangiz, ishingiz tezlashadi. Shuningdek, buyruqlar satrida ishlash masofadagi server bilan ishlash uchun eng kerakli malakalardan biridir.

O‘ylaymizki, dasturlashga qiziqsangiz va harakat qilsangiz, maslahatlarimiz sizga asqotadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.