Dimensity 700 chipi, 90Hz LCD ekranga ega realme 8 5G smartfoni taqdim qilindi

Dimensity 700 chipi, 90Hz LCD ekranga ega realme 8 5G smartfoni taqdim qilindi

realme'dagilar 5G aloqasining ashaddiy muxlisi — ular hammaning cho‘ntagi ko‘taradigan 5G smartfonlar tayyorlashga harakat qiladi va bu urinishlar samarasi o‘laroq, realme 8 5G kabi smartfonlar olam yuzini ko‘radi.

O‘QING: realme 8 Pro'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Kompaniyaning ta’kidicha, iste’molchilarning ba’zilari 5G aloqasida ishlamagni bois standart realme 8 qurilmasiga e’tibor qaratishmagan. Shu sababdan, yangi avlod aloqasini qo‘llab-quvvatlovchi yangi model taqdim qilindi.

E’tibor bering, bu shunchaki 5G'ga ega oldingi realme 8 smartfoni emas. Ikkala qurilma bir-biridan anchayin farq qiladi. Avvaliga chipsetga kelsak. realme 8 5G smartfoni Dimensity 700 chipi bilan jihozlangan. Mazkur platformaning sub-6 GHz modemi nazariy jihatdan 2.77 Gbit/sekund tezlikka erisha oladi. realme 8 4G'ga qo‘yilgan Helio G95 tezligi esa buning choragiga ham teng kelmaydi.

Vaholanki, unumdorlik borasida Dimensity chipi Helio'dan ortda qoladi, biroq Dimensity 700 SoC 7 nanometrlik jarayon asosiga qurilganligi bois (G95 esa 12 nm lik jarayon asosiga qurilgan), samaradorlik yuqori bo‘lishi kerak. realme'ning ichki sinovlari natijasiga ko‘ra, qurilmaga o‘rnatilgan 5,000 mAs sig‘imli akkumulyator quvvati 21 soat video tomosha qilish yoki bir necha kun musiqa tinglashga yetadi.

realme 8 5G 18 Vt da quvvat oladi va qadoq ichidan ham xuddi shuncha tezlikda quvvat beruvchi quvvatlagich o‘rin olgan. Qiyos uchun, qurilmaning 4G modeli (shuningdek, realme 7 5G ham) 30 Vt da quvvatlanadi.

O‘QING: Qayrilma ekran, uchta kamera, Dimensity 1000+ chipiga ega realme X7 Pro Ultra chiqdi

realme o‘zining yangi 8 5G smartfonini o‘yinbop smartfon deb atamoqda. Afsuski, boshqa «o‘yinbop smartfon»lar kabi bunisi ham shunchaki ekranning yangilanish chastotasini 90Hz ga ko‘tarib qo‘ygan xolos, grafik protsessori unumdorligi esa e’tiborsiz qolgan. Qiyos uchun, realme 8 4G 60Hz Super AMOLED panelga, realme 7 5G esa 120Hz LCD panelga ega. Yaxshi tomoni esa, 6.5" 1080p+ displey mustahkamroq Dragontrail shishasi bilan qoplangan, 4G modelni esa oddiy shisha himoyalab turadi. Biroq maksimal yorqinlik darajasi ham atigi 600 nitni tashkil etadi — realme 8 4G'da bu ko‘rsatkich 1,000 nitga teng edi.

Kameraga kelsak, realme 8 5G'ning kamera apparat ta’minoti standart realme 8 va realme 7 5G'larga qaraganda anchayin past ko‘rsatkichlarga ega. Jumladan, 8MP ultrakeng burchakli kamera olib tashlangan, qurilma 4K va hattoki 1080p 60 kadr/sek. da videolar olish imkoniyatidan mahrum qilingan.

Samsung GM1 sensori bir necha yil avvalgi sensor bo‘lib, Quad Bayer filtri (12MP tasvir) va 1/2" optik formatga ega. Unga makro kamera (4 sm fokus masofali) va oq-qora portret linzasi sherik qilingan. Old tomondagi selfi kamera 16MP linzaga ega.

Qurilmaning xotira sig‘imiga to‘xtalib o‘tsak, realme 8 5G bazaviy 4GB tezkor xotiraga ega. 8GBlik konfiguratsiyasi ham mavjud. Doimiy xotira sig‘imi esa 128GBga teng. microSD karta sloti mavjudligi bois xotirani kengaytirish mumkin.

Smartfon ikkita rangda: Supersonic Blue va Supersonic Black ko‘rinishida bo‘ladi. Orqa paneldagi muhim o‘zgarishlardan yana bir shuki, realme'dagilar mutaxassis maslahatiga amal qilgan holda, «DARE TO LEAP» yozuvini olib tashlashgan.

Smartfon 320 dan ortiq sifat nazorati sinovlaridan o‘tgan. Masalan, (yon tomonga o‘rnatilgan) barmoq izi skaneri 500 000 marta ishlatib ko‘rilgan. 3.5 mm audio jekka quloqchinlar 10 000 marta ulanib-chiqarib ko‘rilgan. USB-C portidan 20 000 marta foydalanilgan.

realme 8 5G birinchi bo‘lib Tailandda sotuvga chiqadi. Smartfonni taxminan 320 dollarga sotib olish mumkin. Yana bir jihat: kompaniyadagilar realme 8 Pro 5G nomli smartfonni ham chiqarishni rejalashtirganini ma’lum qildi.

O‘QING: 12 GB «operativka»li hamyonbop Realme GT Neo flagmani Geekbench’da kuchini ko‘rsatdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!