Diplomatiya universitetiga kira olmagan qiz Tesla’ga ishga kirdi!

  •   DiMaX
  •  3644
  •  05.06.2021 14:24

Diplomatiya universitetiga kira olmagan qiz Tesla’ga ishga kirdi!

Dunyoga mashhur Tesla kompaniyasiga ishga olingan birinchi o‘zbekistonlik qiz Mushtariy Sharifova bo‘ldi. Bu to‘g‘rida Ta'limchi.uz nashri ma’lumot bermoqda.

O‘QING: «MDH mamlakatlarida ham Tesla zavodlari paydo bo‘ladi» – Ilon Mask

Mushtariy 1993 yilda tug‘ilgan, Diplomatiya universitetiga o‘qishga kira olmagan. 21-22 yoshlarida Germaniyadagi universitetda (Berlindagi Universıty of applied sciences in Europe) o‘qishini boshlagan va 2019 yili tugatgan. O‘qish davomida yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tagan. Jumladan, 2017 yilning sentyabridan 2018 yilning martigacha Adidas, Zalando, SAP kompaniyalarida amaliyot o‘tagan. American Publishing Company kompaniyasida 2020 yil fevralidan 2021 yil yanvarigacha ishlagan.

«Kunlardan bir kun menga Tesla kompaniyasidan javob xati keldi. Ular men bilan suhbat o‘tkazmoqchi ekanliklarini aytishdi. Juda hayajonlandim, qanday o‘tar ekan deb o‘ylay boshladim. Aytilgan vaqtda suhbat uchun qo‘ng‘iroq bo‘ldi va juda ham samimiy tarzda o‘tdi. Bir oy davomida har haftada 1 yoki 2 marta men bilan suhbat o‘tkazishdi, turli xil savollar berishdi va oxirida menga muddatsiz ish taklif qilishdi, ya’ni men bu kompaniyada o‘zim istagancha ishlash huquqiga ega bo‘ldim. O‘sha kun men uchun juda baxtli kun bo‘ldi», – deydi Mushtariy Sharifova.

Mushtariyning eng qimmatli so‘zlari:

«Hech qachon o‘z orzularingizdan voz kechmang, hamisha olg‘a yuring. Qo‘lingdan kelmaydi, eplolmaysan degan insonlarga quloq solmang, negativ tarzda qabul qilmang. Men albatta bajaraman, deng va o‘zingizga ishoning. O‘shanda atrofdagilar ham sizga ishonadi. Bir natijaga erishgungacha qo‘lingizdan kelgan hamma narsani qiling, barcha imkonlarni ishga soling. O‘z ustingizda tinimsiz ishlang, bilim va malakangizni orttiring. Allohdan eng yaxshisini so‘rang, u albatta so‘raganingizni beradi. Mashaqqat ortidan albatta mukofot ham keladi».

O‘QING: Ilon Mask ham xuddi UzAuto kabi bahona qildi: «Bu hojatxona qog‘ozi yetishmasligiga o‘xshaydi»