DIQQAT: Android-gadjetlarni «g‘ishtga aylantiruvchi» virus!

  •   DiMaX
  •  1889
  •  16.02.2017 17:51

DIQQAT: Android-gadjetlarni «g‘ishtga aylantiruvchi» virus!

Yangi chiqqan virus-dastur qurilmani butkul bloklab qo‘yadi, deb yozmoqda intex-press nashri. Gadjetning egasiga pul evaziga blokdan chiqarish taklif etiladi. Agar egasi bunga rozi bo‘lmasa, smartfonidagi barcha ma’lumotlar o‘chirib tashlanadi va uning shaxsiy ma’lumotlari boshqalarga tarqatiladi. Qurilmani «g‘isht» holatidan chiqarish uchun esa unga qaytadan proshivka o‘rnatish kerak bo‘ladi.

Android.Lockdroid.E deb nomlanuvchi bu virusni Symantec antivirus kompaniyasining mutaxassislari aniqlashgan. Ularning ta’kidlashicha, dasturda oldinlari faqat kompyuter viruslarini yaratishdagina qo‘llaniladigan texnologiyadan foydalanilgan.

Avval Android.Lockdroid.E turli dasturlar va kattalarga mo‘ljallangan o‘yinlar bilan birga tarqatilgan. Qurilmaga tushgach, virus uni bloklab qo‘yadi, ichidagi barcha ma’lumotlarni shifrlaydi. Keyin esa jinoyatchilarga pul jo‘natishni talab qiladi – shundagina smartfonni blokdan chiqarishga va’da berishadi.

Agarda aytilgan hisobga pul o‘tkazilmasa, dastur shu qurilma egasi kirgan pornosaytlar tarixini uning kontaktlar ro‘yxatidagi kishilarga jo‘natadi. Keyin esa gadjetning ichidagi hamma narsa yo‘q qilinib, zavod sozlamalari holatiga qaytariladi.

Keyinroq esa ayni shu virusning boshqacha modifikatsiyasi paydo bo‘ldi. U qurilmaning tizim bo‘limiga o‘rnashib oladi va odatiy vositalar yordamida uni yo‘q qilishning imkoni bo‘lmaydi. Gadjet tugmalari ishlamay qoladi, ekraniga esa bitta rasm chiqib, bloklanib turaveradi.

Android.Lockdroid.E virusining yangi versiyasi ham, xuddi oldingisi kabi, Google Play Market emas, balki boshqa ilova do‘konlari orqali, spam, zararlangan saytlar va pornoresurslar vositasida tarqatiladi. Qurilmaga tushib olgach, u gadjetda Root-huquqlari bor-yo‘qligini tekshiradi. Agar yo‘q bo‘lsa, ekranga to‘lov rekvizitlariga yo‘llovchi QR-kod chiqaradi. Bordiyu Root-huquqlari mavjud bo‘lsa, u holda virus tizimga ma’mur (administrator) sifatida kirishga ruxsat so‘raydi. Qurilma egasini bu huquqni berishga ko‘ndirish uchun, virus unga «kattalarga mo‘ljallangan» minglab filmlarni mutlaqo bepul ulab berishni va’da qiladi.

Ruxsat olib bo‘lgach, dastur tizim papkasiga ko‘chirilib oladi va o‘chirib bo‘lmaydigan tizim ilovasi maqomini egallaydi. Bu – endi qurilmangiz tamom, deganidir: u o‘chib-yonadi va ishlamay qoladi. Gadjet ekraniga jinoyatchilarning hisob raqamiga pul o‘tkazish kerakligi haqidagi xabar chiqadi. Bunda displey ham, tugmachalar ham bloklanadi.

Endi smartfon yoki planshet «g‘isht»ga aylanib bo‘ldi, uni faqat qayta proshivka qilibgina ishlatishingiz mumkin, faqat yuqorida ta’kidlaganimizdek – ichidagi hamma narsadan va sozlamalardan ajralib bo‘ldingiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!