Displeyi «teshik» Honor V20 taqdim etildi: Kirin 980 chipi, 48 MPlik va 3D-kamera, yana Huawei’ning ko‘plab yangi texnologiyalari!

  •   DiMaX
  •  2794
  •  26.12.2018 17:38

Displeyi «teshik» Honor V20 taqdim etildi: Kirin 980 chipi, 48 MPlik va 3D-kamera, yana Huawei’ning ko‘plab yangi texnologiyalari!

Samsung displeyi «tirqish»li smartfon tayyorlayotganini aytgach, undan oldin Huawei shunaqa modelini ko‘rsatganidan xabaringiz bor. Lekin rasmiy taqdimot marosimiga ko‘ra avval Galaxy A8s, keyin Nova 4 va undan so‘ng Lenovo Z5S namoyish etildi.

O‘QING: Honor View 20 namoyish etildi: 48 MPlik kamera va «teshik» ekranli ilk smartfon!

Bugun – 26 dekabr kuni Xitoyda Honor V20 (jahon bozoridagi nomi – Honor View 20) smartfonining rasmiy taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Uning ekranida ham xuddi Nova 4 modelidagi kabi – 4,5 millimetrlik «teshik» bor, Galaxy A8s displeyidagi «tirqish» esa 6,5 millimetrlik. U yerdagi old kameralar ham Huawei’ning bu ikkita smartfonida bir xil – 25 megapiksellik.

Honor V20 displeyi diagonaliga 6,4 dyuymlik bo‘lib, tasvir aniqligi 2310x1080 piksellik. Aytish kerakki, Nova 4 modelida ham xuddi shunday ekran qo‘llangan.

Xo‘sh, unda yangi smartfonning nimasi o‘zgacha ekan, deysizmi? Bulardan eng asosiysi – xitoylik texnogigantning eng ilg‘or chipi – yakka kristalli Kirin 980 protsessoridir. Bundan tashqari, Honor V20 devaysi «og‘ir» o‘yinlar uchun optimizatsiya qilingan GPU Turbo 2.0 texnologiyasiga ham ega. Smartfonda protsessorning sovitilishi suyuqlik naychalari orqali amalga oshiriladi va Huawei bu texnologiyani NINE deb nomlagan. Honor V20 tezkor xotirasi 6-8 GB, doimiy xotirasi esa 128 va 256 GBlik konfiguratsiyalarda taqdim etiladi.

Smartfonning bosh kamerasida 48 megapiksellik Sony IMX586 datchigi hamda F/1,8 diafragmali ob’yektiv qo‘llangan. Nova 4 modelining eng yuqori konfiguratsiyasidagi kameradan farqli ravishda, Honor V20’da uch o‘lchamli Time of Flight (TOF) sensor ham mavjud. Unga turli imkoniyatlar baxsh etilgan, masalan – biror harakatni shu kamera orqali tasvirga olib, uni biror o‘yin yoki ilovadagi virtual personajga o‘tkazish mumkin.

Darvoqe, yangi smartfonda asosiy kamera modullarining joylashuvi ham original ekaniga e’tibor bergandirsiz? Barmoq izi skaneri esa ko‘pchilik modellardagi kabi – orqa panel o‘rtasidan o‘rin olgan.

Honor V20 dasturiy platformasining asosiy o‘ziga xosligi – kompyuter rejimi bo‘lib, bu xuddi Samsung Dex kabidir. Ya’ni, smartfonga maxsus biriktiruv stansiyasi orqali klaviatura, sichqoncha va monitor ulab turib, undan xuddi stol kompyuteri kabi foydalanaversa bo‘ladi. Kompaniya vakillarining aytishlaricha, bunda smartfonning samaradorligi oddiy kompyuternikidan o‘n karra oshiq bo‘lar emish.

Aytish kerakki, Honor V20 ushbu brendning Link Turbo texnologiyasiga ega ilk smartfoni bo‘ldi. Bu texnologiya Wi-Fi va 4G tarmoqlarini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, uning ortida 21 ta patent, «sun’iy idrok» va turli tarmoq protokollarining barcha optimizatsiya ishlari yotibdi. Huawei’ning ta’kidlashicha, Link Turbo texnologiyasi Wi-Fi tarmog‘ini 135 foizgacha, LTE tarmog‘ini esa 71 foizgacha «tezlashtir»a oladi. Darvoqe, mazkur smartfonda naq uchta Wi-Fi antennasi mavjud.

Honor V20 modeli, shuningdek, Xiaomi Mi 8’da qo‘llangan texnologiyalardan biri – ikki diapazonli GPS priyemnigiga ham ega. Yangi smartfonning yana bir o‘ziga xosligi esa Honor Magic 2 modelidagi singari Yoyo ovozli yordamchisidir. Mazkur smartfonning «quvvat toshi» 4000 mA/soatlik akkumulyator bo‘lib, u 22,5 Vt (4,5 V 5 A) quvvat bilan tezkor quvvatlana oladi, biroq simsiz quvvatlash texnologiyasi bu modelga tatbiq etilmagan.

Honor V20 uchun Xitoyning o‘zida allaqachon oldindan buyurtma qabul qila boshlashgan, smartfonning real savdosi esa 28 dekabrda start oladi. Tezkor/ichki xotira hajmiga qarab, uning narxlari quyidagicha: 6/128 GBlik versiya – 435 dollar, 8/128 GBligi – 510, 8/256 gigabaytligi esa 580 AQSh dollari.

Qizig‘i shundaki, Honor V20 modelining hali uchinchi premerasi ham belgilangan – u 22 yanvar kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Hozirgacha jahon bozoriga chiqarilgan aksariyat Huawei smartfonlarini esa 890 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: Terashop.uz’da Huawei smartfonlari narxlari (2018 yil 24 noyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!