Dronlar qishloq xo‘jaligida

Dronlar qishloq xo‘jaligida

Bugun dunyoning rivojlangan mamlakatlari qishloq xo‘jaligiga navigator, dron, kompyuter serveri va dasturiy ta’minot kabi turli zamonaviy texnologiyalar tez sur’atlar bilan joriy qilinyapti. Germaniyalik fermerlardan biri Gubertus Paetov makkajo‘xori yetishtirishda uchuvchisiz boshqariladigan mitti uskunadan foydalanmoqda.

Meklenburgalik fermerning so‘zlariga ko‘ra, u mobil telefoni vositasida dalalar holatini kuzatish imkoniyatiga ega. Telefondagi ilova makkajo‘xori ekilgan maydonlar ustida parvoz qiluvchi dronlarni boshqarishga yordam beradi. Agar fermer dalaning biror qismidagi makkajo‘xori so‘tasining yetilgan-yetilmaganini bilmoqchi bo‘lsa, ilova kerakli joyga yetib borish uchun eng maqbul yo‘nalishni ko‘rsatib beradi. Dron yordamida makkajo‘xorilarning o‘sishi kuzatiladi va qay vaqtda hosilni yig‘ishtirishni boshlash kerakligi tezda aniqlanadi.

Avvallari buning uchun ancha ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Kompyuter ekranidagi tasvirlardan qayerda sichqon va zararkunandalar ko‘payib ketgani hamda ekinlarning kasalikka uchraganini bilib olish mumkin. Bundan tashqari dronlar vositasida olingan tasvirlar kuchli yomg‘ir, do‘l yetkazgan zararni va bo‘lajak hosil miqdorini hisoblab chiqish imkonini beradi.