Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

  •   DiMaX
  •  1661
  •  09.04.2021 08:51

Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

Yaqindagina AnTuTu benchmarkiga ko‘ra mart oyidagi eng baquvvat Android-flagmanlar reytingini taqdim etgan edik. Mazkur servis jamoasi o‘rta narxli smartfonlarning TOP-o‘ntaligini ham e’lon qilgan. Lekin bularning ikkalasi ham Xitoydagi foydalanuvchilar tomonidan ushbu benchmarkda o‘tkazilgan testlar natijalariga asoslangan edi.

O‘QING: Qaysi smartfonlardan o‘z egalari rostakamiga rozi? (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

AnTuTu jamoasi endi butun dunyo bo‘yicha foydalanuvchilarning shu benchmarkda mart oyidagi tekshiruvlariga asoslanib yangi reytingni e’lon qildi. Bunda kamida 1000 marta test qilib ko‘rilgan smartfonlarning samaradorlik natijalaridan olingan o‘rtacha (eng yuqori emas) ballari inobatga olingan.

ASUS kompaniyasi mart oyida ROG Phone brendi ostida uchta rusumda – ROG Phone 5, ROG Phone 5 Pro hamda ROG Phone 5 Ultimate o‘yin smartfonlarini namoyish qilgan edi. Bulardan birinchisi – standart flagmanning 16/256 gigabaytlik varianti AnTuTu global reytingida 731 376 ball bilan taxtga chiqib oldi! Qizig‘i shundaki, ayni shu geymerofonning o‘zi xitoycha reytingda atigi to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi, undan zo‘r chiqqan uchta flagman haqida mana bu xabarimizdan ma’lumot olasiz.

AnTuTu servisining fevral oyidagi xitoycha reytingida ham, global reytingida ham Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan iQOO 7 geymerofoni g‘olib bo‘lgan edi. Martdagi eng zo‘r smartfonlar ro‘yxatida esa u 724 333 ball olib, ikkinchi o‘rin bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Kuchli uchlikni Xiaomi korporatsiyasining Mi 11 flagmani 710 572 ball bilan yakunlab berdi.

O‘QING: Android olamida yangi rekordchi: benchmarkda salkam million ball!

Reytingga e’tibor bersak, kuchli o‘nlikning dastlabki yarmini faqatgina Snapdragon 888 chipli flagmanlar egallagan. Samsung kompaniyasining Exynos 2100 protsessorli smartfonlaridan ikkitasi bu ro‘yxatga kirgan bo‘lsa, qolgan uchta model turlicha – Kirin 9000, Snapdragon 865+ hamda Snapdragon 865 chipsetlariga asoslangan.

Shunday qilib, mart oyidagi testlar natijalariga ko‘ra chiqarilgan global reyting quyidagicha:

  1. Asus ROG Phone 5 (Snapdragon 888 chipli) – 731 376 ball;
  2. Vivo iQOO 7 (Snapdragon 888 chipli) – 724 333 ball;
  3. Xiaomi Mi 11 (Snapdragon 888 chipli) – 710 572 ball;
  4. Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (Snapdragon 888 chipli) – 673 108 ball;
  5. Oppo Find X3 Pro (Snapdragon 888 chipli) – 672 605 ball;
  6. Samsung Galaxy S21 Ultra 5G (Exynos 2100 chipli) – 635 457 ball;
  7. Huawei Mate 40 Pro (Kirin 9000 chipli) – 632 829 ball;
  8. Asus ROG Phone 3 (Snapdragon 865+ chipli) – 631 550 ball;
  9. Samsung Galaxy S21+ 5G (Exynos 2100 chipli) – 625 763 ball;
  10. Oppo Find X2 Pro (Snapdragon 865 chipli) – 609 649 ball.

Ishlab chiqaruvchilar kesimida olib qaraganda, mart oyida dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar reytingida eng ko‘p – naq uchta o‘rin Samsung kompaniyasiga tegishli. Kuchli o‘ntalikda Asus va Oppo kompaniyalari ikkitadan o‘rin olgan bo‘lsalar, Huawei, Vivo hamda Xiaomi vakillariga bittadan joy nasib etgan.

O‘QING: Eng ko‘p qaysi smartfonlarning qalbakilari chiqyapti? (AnTuTu reytingi, 2021 yil fevral)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.