Dunyo smartfon bozorida raqobatchilar soni ortmoqda

Dunyo smartfon bozorida raqobatchilar soni ortmoqda

Android platformasiga mo‘ljallangan qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘rtasidagi qizg‘in “jang”da xitoylik yangi raqib – Oppo’ning imkoniyatlari tobora oshib bormoqda. 26 yanvar kuni e’lon qilingan kompaniya relizida ma’lum qilinishicha, yil davomida ushbu brendning 50 million dona smartfoni sotilgan va o‘sish oldingi moliyaviy yilga nisbatan 67 %ni tashkil qiladi.

Oppo smartfonlari Android Lollipop’ning kompaniya tomonidan moslashtirilgan ColorOS tizimida ishlaydi. Ular bozorda juda tez ommalashmoqda. Misol uchun, 2015 yilning may oyida e’lon qilingan Oppo R7 Android apparati shu yilning o‘zida 15 million dona sotilgan. 2015 yilda taqdim qilingan boshqa Oppo Mirror 5 hamda Neo 7 qurilmalari ham bozorni jadal zabt etmoqda. Ayniqsa, Hindiston kompaniya uchun yirik savdo nuqtasi. 2016 yilda Oppo’ning bu yerdagi savdo hajmi 300 foizga o‘sishi kutilmoqda.

TrendForce tadqiqot firmasi Oppo’ni dunyoning eng muvaffaqiyatli smartfon brendlari o‘ntaligida 8 o‘ringa munosib ko‘rgan. Firma tomonidan o‘tkazilgan statistik izlanishlarga ko‘ra, kompaniyaning xalqaro miqyosida sotilgan smartfonlardagi hissasi 3.8 %. Shuningdek, TrendForce jahon smartfon bozorida LG 5.3, Lenovo 5.4,  Xiaomi 5.6 va Huawei 8.4 foiz hissaga egaligini aytgan.

Oppo bungacha ham AQShning Gartner tadqiqot va konsalting kompaniyasi tomonidan jahondagi mobil vositalar ishlab chiqaruvchi ommabop brendlar o‘ntaligiga kiritilgan edi.

Ushbu reytingda Samsung va Apple yetakchilik qilmoqda. Garchi, asta-sekin bo‘lsa ham, bozorga kirib kelayotgan xitoylik “Android”chi kompaniyalar yetakchi brendlarning savdosiga ta’sir o‘tkazmoqda va tez orada kuchli raqiblarga aylanishlari mumkinligini bildirishmoqda.

Yanvar boshida esa boshqa bir xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchisi – Xiaomi 2015 yilda 70 milliondan ziyod mobil aloqa qurilmalarini sotganini e’lon qilgan edi.

Boshqa bir marketing tadqiqotlarida qayd etilishicha, Xitoyning Huawei kompaniyasi tomonidan sotilgan smartfonlar hajmi 2015 yilning III choragida 81 foizga oshgan va kompaniya yil yakuniga qadar 100 million dona smartfon sotishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada Huawei dunyoning smartfon ishlab chiqaradigan eng yirik uchinchi brendiga aylandi.

26 yanvar kuni jahonning yana bir yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchisi – Janubiy Koreyaning LG savdo belgisi tomonidan e’lon qilingan, 2015 yilning so‘nggi choragiga oid hisobotda kompaniyaning shu yilda 59.7 million dona smartfon sotgani qayd etilgan. 2014 yil bilan solishtirganda bu 600 ming donaga ko‘p.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!