Dunyodagi eng chiroyli smartfon

Dunyodagi eng chiroyli smartfon

O‘tgan yilning sentabrida o‘zining CC smartfonlari qatorini re-brending qilib, Xiaomi ilk Civi smartfonlari seriyasini asosan yosh auditoriya uchun taqdim qilgan edi. Smartfon nafis dizayni va o‘ta ingichkaligi, shu bilan birga, yengil ekanligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bugun, 21-aprel kuni Xiaomi ushbu Civi smartfonining davomchisi, garchi yangi avlodi bo‘lmasada, avvalgisining yangilangan versiyasi - Xiaomi Civi 1S ni taqdim qildi.

Yangi smartfon asosan Snapdragon 778G+ chipsetida Android 12 ga asoslangan MIUI 13 operatsion tizimida ishlashi bilan oldingi Xiaomi Civi dan farq qiladi xolos. Uning qolgan barcha xususiyatlari avvalgisiniki bilan deyarli bir xil, hatto narxi ham.

Xiaomi Civi 1S yon qirralari biroz egilgan va u bo‘yiga 158.34 mm, eniga esa 71.5 mm o‘lchamda bo‘lib, uning qalinligi 6.98 millimetrni, og‘irligi esa atigi 166 grammni tashkil qiladi.

Orqa paneli shisha, atrofi esa metal bilan ramkalangan telefonning 6.55 dyuymli OLED ekrani 120Hz yangilanish tezligiga, FHD+ rezolyusiyaga ega va u Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan. Ekran ostida barmoq izini aniqlash texnologiyasi va ekran yuqori markazidagi teshikda esa 32 MP selfi kamera joylashgan.

Orqasidagi uchlik kamera 64MP (f/1.8) asosiy, 8MP (f/2.2) ultra keng va 2MP makro modullarga ega bo‘lib, ularning ostida gorizontal uzun chiziq ko‘rinishidagi LED chirog‘ini ko‘rish mumkin.

Yuqorida aytilganidek, oldingi Xiaomi Civi Snapdragon 778G chipi bilan chiqarilgan bo‘lsa, bu safargi Civi 1S Snapdragon 778G+ chipseti bilan ta’minlangan va u oldingisida 27% ravonroq ishlaydi. Shuningdek, smartfon MIUI Smart Cleaner bilan 36 oylik qarishga qarshi sertifikatga ega ya’ni u shuncha muddat qotishlarsiz ishlashi kafolatlanadi. Qurilma 8GB/12GB LPDDR4X operativ va 128GB/256GB UFS 2.2 doimiy xotiraga ega. 

Uning 1.18 kunga yetishi aytilayotgan 4,500 mAh sig‘imli batareyasi 55W tezlikda USB-C porti orqali zaryadlanadi. Civi 1S ikkita nano SIM kartalarni va ikkovida ham 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, WiFi 6, Bluetooth 5.2, NFC va elektron qurilmalarni masofadan boshqarish imkonini beruvchi (IR) infraqizil pult xususiyatlariga ega. Ikkilik Dolby Atmos dinamiklari o‘rnatilgan smartfonning o‘ta ingichkaligi uni microSD karta va 3.5 mm audio uyasidan mahrum qilgan. 


Xiaomi Civi 1S smartfoni Miracle Sunshine, Pounding Powder, Light Blue va Shiny Black ranglarida Android 12 operatsion tizimiga asoslangan MIUI 13 qobig‘i o‘rnatilgan holda keladi.

Narxiga keladigan bo‘lsak, 8/128 GB versiya uchun 2 299 yuan ($355), 8/256 GB versiya uchun 2 599 yuan ($405) va 12/256 GB versiya uchun 2 899 yuan ($450). Smartfon sotuvi bugundan faqat Xitoyda bozolarida boshlangan.

O‘QING: Xiaomi MIUI 13.5 ustida ishlamoqda!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.