Dunyodagi eng kuchli smartfon, protsessor va proshivkalar TOP-o‘ntaliklari (Master Lu reytinglari, 2020 yil 1-chorak)

  •   DiMaX
  •  5168
  •  14.04.2020 10:02

Dunyodagi eng kuchli smartfon, protsessor va proshivkalar TOP-o‘ntaliklari (Master Lu reytinglari, 2020 yil 1-chorak)

AnTuTu benchmarki yaqinda Xitoydagi foydalanuvchilar tekshiruvlari asosida eng qudratli smartfonlar o‘ntaligini taqdim etgan. So‘ngroq mazkur benchmark eng kuchli flagmanlarning global reytingini ham e’lon qilgan va uning tarkibi xitoychasidan farqli.

O‘QING: AnTuTu’da barcha flagmanlarni «yer tishlatgan» yangi rekordchi chiqyapti!

Yana bir ommabop benchmark – Master Lu servisi esa 2020 yilning o‘tgan uch oyidagi tekshiruvlar natijalariga ko‘ra uchta reytingni e’lon qildi. Undagi eng qudratli smartfonlar o‘ntaligida aksariyat o‘rinlarni xitoylik smartfonsozlarning turli flagmanlari egallagan.

Master Lu benchmarkiga ko‘ra, ZTE korporatsiyasining subbrendi yaqindagina namoyish qilgan geymerofon – Nubia Red Magic 5G bu chorakning eng kuchli smartfoni ekan. Ikkinchi o‘rin Oppo kompaniyasining Find X2 Pro flagmaniga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Xiaomi subbrendi chiqargan o‘yinbop Black Shark 3 Pro smartfoni yakunlab bergan:

Eng baquvvat smartfonlar o‘ntaligidan yana Samsung Galaxy S20+, Xiaomi Mi 10 Pro, Realme X50 Pro, Vivo Nex 3S, Iqoo 3 5G, Samsung Galaxy S20 Ultra hamda Redmi K30 Pro modellari joy olgan.

O‘QING: Meizu 17 taqdimotdan avval AnTuTu’da: lider emas, lekin TOP-o‘ntalikda!

Yuqoridagi flagmanlarning barchasi Snapdragon 865 bazasiga qurilgan. Master Lu taqdim etgan ikkinchi – eng kuchli protsessorlar reytingida Qualcomm kompaniyasining ushbu chipseti yetakchi. Ikkinchi o‘rinni ham amerikalik chipsozning mahsuloti – Snapdragon 855 Plus olgan, kuchli uchlikni Huawei’ning Kirin 990 5G protsessori yakunlab bergan.

Eng kuchli protsessorlar o‘ntaligiga yana oddiy Kirin 990, Snapdragon 855, Exynos 9820, oddiy va kuchaytirilgan Snapdragon 845, eng yangi Kirin 820 hamda Snapdragon 765G chipsetlari kirgan.

O‘QING: AnTuTu reytingi: Samsung, Huawei, MediaTek va Qualcomm – qay biri eng zo‘r?

Master Lu yana bitta qiziq ro‘yxat – eng tezkor proshivka interfeysiga ega smartfonlar reytingini ham e’lon qilgan. Bu yo‘nalishda Oppo Find X2 Pro eng zo‘ri bo‘lsa, ikkinchi pog‘ona Huawei Mate 30 Pro kamerofoniga nasib etgan. Yuqori uchtalikni yana o‘sha Nubia Red Magic 5G yakunlagan.

Sezgan bo‘lsangiz, joriy yilning 1-choragidagi natijalarga ko‘ra interfeysi tezkor smartfonlar o‘ntaligida Samsung’ning birorta ham modeli yo‘q.

O‘QING: TOP-10: Ishlatilsa ham narxini ko‘p yo‘qotmaydigan smartfonlar

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!