Dunyodagi eng takomillashgan (va qo‘rqinchli) robotlar

Dunyodagi eng takomillashgan (va qo‘rqinchli) robotlar

Robotlar. Ba’zilar ularni yoqtiradi, kimdir ular bizni ishsiz qoldiradi deb xavotirga tushadi, boshqalar bo‘lsa, kun kelib bu texnologiya butun dunyoni zabt etadi deb taxmin qiladi. Robotlarni ishlab chiqarish jarayonlari borgan sayin murakkablashib borayotgani bois hamda robotlarning o‘zi ham sun’iy ong bilan jihozlanib borayotgani sababli bu qurilmalar ko‘p narsaga qodir va ayni damda qo‘rqinchli bo‘lib bormoqda.

Ilk tijoriy robotlar sanoat uchun yaratilgan va ular bir joyda turib, ishlab chiqarish liniyalarida insonlar bajarishi qiyin bo‘lgan vazifalarni amalga oshirgan. Ammo bugungi kunda robotlar xuddi biz kabi ikki oyoqda yura oladi va hatto osmonda ucha oladi. Ularning ba’zilari og‘ir, xavfli yoki zerikarli vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqalari shunchaki insoniyatga quvonch va xursandchilik ulashish uchun, ko‘ngil ochish uchun ishlangan.

Hayotimizda dasturiy ta’minot ko‘rinishidagi robotlar, ya’ni botlarning ham ahamiyati oshib borayotir. Botlar ham jismoniy ko‘rinishdagi robotlar kabi xususiyatlarga, eng e’tiborlisi, vazifalarni avtonom ravishda bajarish funksiyasiga ega. Ammo botlar faqatgina raqamli olamda mavjud bo‘lgani bois ushbu maqolada ularga to‘xtalib o‘tmaymiz.

Keling, endi quyida o‘ta takomillashgan, ko‘p funksiyalarni bajara oluvchi va aynan shuning uchun ham qo‘rqinchli bo‘lgan robotlar haqida ma’lumot beramiz. Bugun, xayriyatki, elektr ta’minotidan mahrum qilish bilan robotlarni ishdan to‘xtatish mumkin, ammo ertaga buning imkoni bo‘lmay qolishi ham ehtimoldan holi emas.

Aibo

Sony'ning Aibo laqabli kuchuk ko‘rinishidagi roboti ham yoqimtoy uy jonzoti, ham o‘yinchoq bo‘lishi mumkin. 2018 yilda taqdim qilinganidan buyon Aibo haqiqiy kuchukdek harakatlanishi uchun sun’iy ong bilan takomillashtirib kelinmoqda. Robot ayni damda o‘z egasi yuzi va ovozini taniy oladi hamda uning shaxsiyatiga qarab o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishi mumkin.

Aibo'ning sun’iy ong algoritmlari bulutda joylashgan, ya’ni butun dunyodagi barcha Aibo'lar bir-biri bilan ma’lumot almashishi va o‘zaro yangi tajribalarni baham ko‘rishi mumkin. Aibo 100 dan ortiq yuzni tanib, shunga qarab o‘z xatti-harakatlarini namoyon qila oladi. Agar pul siz uchun muammo bo‘lmasa, 3 000 dollardan sal kamroq narxga ega bu robot sizning hamrohingizga aylanishi mumkin.

Asimo

Asimo dunyodagi eng takomillashgan gumanoid (inson qiyofasidagi) robotlardan biri bo‘lib, yangi ko‘nikmalarni mustaqil o‘rgana oladi, ikki oyoqlab yuradi va zina bo‘ylab harakatlana oladi ham. Robotlar uchun ikki oyoqda tik harakatlanish o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Ular tik va barqaror tura olishi hamda harakatlanayotganda turli to‘siqlarni oshib o‘ta bilishi zarur.

Asimo 2000 yilda taqdim qilingan va u ikki oyoqda harakatlana oladigan ilk robotlardan. Taqdimotidan buyon bu robot o‘ta darajada mukammallashtirildi. Asimo'ning biror-bir tijoriy funksiyasi mavjud emas. U faqat insonlar bilan muloqotga kirishish, katta miqdordagi tashqi ob’yektlarni taniy olish va zina bo‘ylab harakatlanish kabi xususiyatlarni o‘zida mujassam etgan.

Asimo'ni Toyota ishlab chiqargan. Unga bir qator ishlarni bajarishni o‘rgatish/dasturlash mumkin. Masalan, tozalash, qurilish, enagalik qilish yoki shunchaki hamroh bo‘lish kabilar. Asimo ma’lum bir vazifani bajarish uchungina yaratilmagan. Robotning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, u avvalboshdan masofadan boshqarishga mo‘ljallangan.

THR-3

Toyota kompaniyasining THR-3 roboti bundan bir necha yil oldin taqdim qilingan edi, ammo shundan so‘ng bu robotdan nima maqsadda foydalanilayotgani haqida ma’lumot berilmadi. Ammo aytish mumkinki, THR-3 gibrid avtonom/masofadan boshqariluvchi robot hisoblanadi. Bu robot Aibo'chalik yoqimtoy ko‘rinishga ega bo‘lmasa–da, 70 000 dollar narxga ega ekanligidan bilish mumkinki, u jiddiy vazifani bajarishga mo‘ljallangan.

Spot

Kuchuk shaklida bo‘lsa–da, Spot o‘yinchoq emas. U o‘ta harakatchan va avtonom robotdir. Boston Dynamics tomonidan ishlab chiqarilgan Spot turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan.

Hozirga qadar undan qurilish hududini tasvirga olish, NASA uchun yerosti tadqiqot ishlarni olib borish va COVID-19 pandemiyasi sharoitida Singapur parklarida ijtimoiy masofalanishning samaradorlik darajasini o‘lchashda ishlatib kelinmoqda.

Aquanaut

Aquanaut haqiqiy transformerdir. Undan suv osti transporti sifatida foydalanish, kerak bo‘lganda esa gumanoid robot qilib olish mumkin. Robot eng noqulay sharoitlarda harakatlanish va okeanning tubigacha tushish imkoniga ega. Sun’iy ong bilan boshqariluvchi ushbu qurilma insonlar uchun xavfli bo‘lgan hududlarda mustaqil ravishda ta’mirlash ishlari (masalan, neft uskunasi yoki trubalarni to‘g‘rilash) ni amalga oshira oladi.

CB2

CB2 ro‘yxatdagi robotlarchalik yangi bo‘lmasa–da, anchagina «shipyon». U chaqaloq ko‘rinishiga ega va undan maqsad chaqaloqlardagi nevrologik rivojlanish jarayonini o‘rganish. 2007 yilda ishlab chiqarilgan qurilma tadqiqotchilar insonning aqliy rivojlanishini yaxshiroq tushunishini ta’minlash uchun yuzni tanish texnologiyasidan foydalanadi hamda insonlar tuyg‘ulari va yuz ifodalarini idrok eta oladi. Rezinadan ishlangan terisi ostidagi datchiklar yordamida esa uni quchoqlashayotgani yoki silashayotganini sezadi.

Sofia

Dunyodagi fuqaroligi bor ilk robot — Sofiadir. 2017 yilda u Saudiya Arabistoni fuqaroligiga ega bo‘lgan. Sofia, shubhasiz, dunyodagi ENG QO‘RQINChLI robotdir. Yaratuvchilar uni Odri Xepbernga o‘xshatib yaratgan. Sofia doimiy ravishda takomillashib boradi va insonlar bilan muloqotga kirishayotganda haqiqiy yuz ifodalarini aks ettira oladi. Hammani xavotirga solib, Sofia bir marta insoniyatni yo‘q qilishni xohlashini aytgan. Ammo muhandislar bu shunchaki undagi ichki xatolik sabab aytilgan jumla ekanligini ta’kidlagan (aslida ham shundaymikan?).


O‘QING: Afsonaviy Nokia haqida 20 qiziqarli fakt

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!