Dunyodagi ilk buklamafon ijodkori Galaxy Z Fold 2 raqibini chiqardi!

  •   DiMaX
  •  701
  •  22.09.2020 16:53

Dunyodagi ilk buklamafon ijodkori Galaxy Z Fold 2 raqibini chiqardi!

Qayishqoq ekranli buklama smartfonlar hozirda ko‘payib qolgan, lekin ularning birinchisini uncha tanilmagan xitoylik bir kompaniya chiqarganidan ko‘pchilik bexabar bo‘lsa kerak. Royole kompaniyasining o‘sha inqilobiy qurilmasi FlexPai deb nomlangan edi.

O‘QING: Mashhur narkobaronning akasi eng arzon buklamafon taqdim etdi va Apple’ni yakson qilishga so‘z berdi!

Ushbu ishlab chiqaruvchi endi uning ikkinchi avlodi – Royole FlexPai 2 modelini taqdim etdi. Unda ko‘plab yaxshilash ishlari amalga oshirilgan, lekin ulardan asosiysi – uchinchi avlod Cicada Wing turidagi OLED-paneldir. Unda qo‘llangan yangi – Stepless 3S Hinge sharniri esa 180 darajada bukila oladi. Shuning evaziga ikkinchi avlod buklamafon yopilganida orada ochiq joy qolmaydi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu smartfon o‘zining ikki yil avvalgi «ajdod»idan 40 foizga yupqa. Uni diagonaliga 7.8 dyuymlik, aniqligi 1920x1440 piksellik va tomonlari o‘zaro 4:3 nisbatli ekran bilan jihozlashgan. Buklamafon yopilganida, ikkita displeyga aylanadi – 5.5 dyuymlik (1440x900p) va 5.4 dyuymlik (1440x810p).

Royole FlexPai 2 modeliga ilg‘or Qualcomm Snapdragon 865 protsessorini o‘rnatishgan. Smartfonni 8/12 gigabaytlik tezkor va 256/512 gigabaytlik ichki xotira bilan ta’minlashgan.

O‘QING: Apple allaqachon buklama iPhone uchun Samsung’ga qayishqoq displey buyurtma qildi!

Yangi buklamafonning 4450 mA/soatlik akkumulyatori 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Uning kvadrokamerasida asosiy sensor 64 megapiksellik bo‘lsa, yana 16 MPlik ikkinchi moduli keng burchakli (116 darajali) optikaga ega. Uchinchi – 8 MPlik sensor 3 karralik optik zumli teleob’yektiv bilan birlashgan. To‘rtinchi datchik 32 megapiksellik bo‘lib, selfi uchun mo‘ljallangan.

FlexPai 2 buklamafoni Android 10 operatsion tizimi bazasidagi waterOS 2.0 grafik qobig‘i bilan ishlaydi. Ikki yil avvalgi ilk buklamafondagi waterOS interfeysi MIUI’ga o‘xshab ketadigan edi, bunisi esa ko‘proq EMUI grafik qobig‘ini eslatadi.

Ushbu buklamafon korpusida USB 3.1 Type-C porti, stereodinamiklar va yon qirradagi barmoq izi skaneri mavjud. Unda simsiz aloqa interfeyslaridan Wi-Fi 6, Bluetooth 5.1, GNSS (GPS, A-GPS, BeiDou, Galileo, GLONASS) qo‘llangan.

Royole FlexPai 2 o‘z yurtida 25 sentyabrdan, uch xil rangdagi korpuslarda sotuvga chiqadi. Uning boshlang‘ich – 8/256 GB tezkor/ichki xotiraga ega varianti uchun 1471 AAQSh dollariga teng narx belgilangan. Buklamafonning 12/512 gigabaytlik varianti ham aytarli qimmat emas – 1707 dollarga baholangan. Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak, Samsung uning asosiy raqobatchisi – Galaxy Z Fold 2 uchun naq 2000 dollar so‘rayapti.

O‘QING: Maxfiy kamerali ikkinchi smartfonni umuman kutilmagan kompaniya taqdim etdi! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.