Dunyodagi ilk odam tashuvchi dron uchar mashinani eslatmoqda

Dunyodagi ilk odam tashuvchi dron uchar mashinani eslatmoqda

6-9 yanvar kunlari Las-Vegasda o‘tgan Xalqaro elektronika iste’molchilari ko‘rgazmasida namoyish etilgan mini vertolyot yoki dron ko‘pchilikka uchar mashinalar bilan bog‘liq ilmiy qarash va bashoratlarni eslatib yubordi.

Xitoyning Ehang Inc dronlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasining Ehang 184 rusumidagi yangi uchar gadjeti insonlar tomonidan mustaqil boshqarilib, parvoz qilsa bo‘ladigan ilk avtonom havo avtomobili, sifatila qayd etilmoqda.

Bu dron to‘rt oyoqli, to‘rt rotorli shaxsiy vertolyotga ham o‘xshaydi. U to‘la quvvatlanib, 100 kilogrammli yuk bilan 2 soat mobaynida parvoz qilishi mumkin.

Dron ichiga bir kishi ixcham yuk xaltasi bilan birga bemalol o‘rnashishi mumkin. Dron salonida sun’iy iqlim hosil qiluvchi tizim hamda vaqtni chog‘ o‘tkazishga mo‘ljallangan qulaylik yaratilgan. Misol uchun, yerni kuzatishdan charchaganlar uning ichida bemalol kitob mutolaasi bilan band bo‘lishlari mumkin.

Ehang 184 uchar moslamasi soatiga 467 kilometr masofani bosib o‘tishi, 3,5 ming metr balandlikkacha ko‘tarila olishi mumkin. Kompaniya vakillari hozircha bu qurilma bilan yerdan 300-600 metr balandlikka ko‘tarilish maqsadga muvofiqligini ta’kidlashmoqda. Parvoz paytida boshqaruvda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish maqsadida yerda xavfsiz qo‘nish va boshqaruvni ta’minlovchi markazlar tashkil etiladi.

Kompaniya rahbarining ma’lumot berishicha, bugungi kunga qadar Guanchjou shahrining usti bo‘ylab 100 dan oshiq inson ishtirokisiz sinov parvozlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Boisi, Xitoyning dronlar faoliyatiga oid qonunchiligiga muvofiq, uchar qurilmalarda insonning parvozi noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.

Kompaniya asoschilaridan biri va bosh iqtisodiy direktor Chjan Syaoning aytishicha, shu yildan sotilishi ko‘zda tutilgan qurilma narxi taxminan 300 ming AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkin. Bu kabi dronlardan hozircha yo‘lovchi tashishda emas, tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolishda foydalanish rejalashtirilgan.

Ehang Inc kompaniyasi dron va uchar moslamalar ishlab chiqarish sohasida 15 yillik tajribaga ega va kompaniya jamoasi Amerika, Singapur va Xitoyning axborot texnologiyalari mutaxassislaridan iborat. Hozirda investorlar tomonidan kompaniya rivoji uchun 42 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ tikilgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!