Dunyoni boshqarish Mark Zukerbergga o‘tadimi?

Dunyoni boshqarish Mark Zukerbergga o‘tadimi?

Facebook rahbari Mark Zukerberg yaqinda chop etgan postini texnologiyalar, kelajakda ularning onlayn va oflayn dunyodagi o‘rni muhokamasiga bag‘ishlagan. Postga diqqat qilsangiz, Zukerberg o‘zining injenerlik g‘oyasidan oshib o‘tib, zamonaviy jamiyatni boshqarish masalalariga ham aralashayotganligini sezishingiz mumkin.

Mark Zukerberg bugun dunyodagi eng katta ijtimoiy tarmoqqa boshchilik qiladi. Marksizm kim ishlab chiqarishni nazorat qilsa, hokimiyat ham unga tegishli bo‘lishini uqtiradi. Facebook 2 mlrd foydalanuvchiga aloqa uchun platforma vazifasini bajaradi. Bu jamoatchilik institutlarini muayyan darajada inkor qiladi. Vaziyatga nazar solib, endi hayotimizda kapital o‘rniga vositaga egalik huquqi va aloqa shakli bosh qadriyatga aylanishini bashorat qilsak bo‘ladi.

Mark Zukerberg postida insoniyat hali javob topib ulgurmagan savollarni qo‘yadi. Xo‘sh, insoniyatni smartfonlardan keyin nima kutadi va smartfonning o‘rinbosari xuddi u kabi jamiyatni o‘zgartiradimi? Raqamli texnologiyalar ezgulik tomonga eltadimi? Eng e’tiborlisi – ijtimoiy aloqa maydoni bilan xira pashshadek algoritmik reklamalar orasidagi axloqiy chegara qayerdan o‘tadi? Oxirgi savol Zukerbergning o‘zi uchun ham juda muhimligi shubhasiz.

Bu savollarga bir odamning javob topishi ancha mushkul. Biroq 2019 yilda topilgan javoblar Markni hokimiyat sari yetaklashini inkor etib bo‘lmaydi. Jurnalistlar nimaiki demasin, siyosiy ambitsiyalar hech qachon yo‘qolib ketmaydi.