Durov Rossiya va Eronda Telegram’ni yopishga tayyorligini aytdi

  •   DiMaX
  •  1365
  •  29.09.2017 16:59

Durov Rossiya va Eronda Telegram’ni yopishga tayyorligini aytdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov, Rossiya va Eron hukumatlarining talablari haqida fikr bildirayotib, o‘z kompaniyasiga bosim o‘tkazishga uringan mamlakatlarda biznesini tugatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

 «Foydalanuvchilarimizning maxfiyligini himoya qilganimiz uchun ayrim mamlakatlarda bizga bosim o‘tkazayotganlari bizni xavotirga solmaydi. Bunaqa mamlakatlarni bizga bosim o‘tkazish imkoniyatidan mahrum etib, ular bilan ham shaxsiy, ham ish yuzasidan aloqalarimizni uzishga biz hamisha tayyormiz», – deb yozgan Durov.

Roskomnadzor Telegram jamoasini va shaxsan uning asoschisini mamlakat qonunchiligi talablarini bajarishga va tegishli reyestrga kiritish uchun ma’lumotlarni taqdim etishga bir necha marta chaqirgan. Rad etish holatida messenjerni bloklash bilan tahdid qilgan. Eronda esa, «IShIDchilar Telegram’dan foydalangani uchun» hukumat Durovga qarshi jinoiy ish ochgan.

Rossiya va Eronda cheklanishi Telegram biznesi uchun aslo achinarli holat emas, chunki ularning hech birida kompaniya ayni damda yuridik shaxs sifatida mavjud emas, deya izoh bergan Durov.