DxOMark: iPhone XR’ni yakka kamerali smartfonlar «taxtidan tushirgan» yangi kamerofonni qarshi oling!

  •   DiMaX
  •  1460
  •  22.12.2018 12:18

DxOMark: iPhone XR’ni yakka kamerali smartfonlar «taxtidan tushirgan» yangi kamerofonni qarshi oling!

Turli qurilmalar kameralarining imkoniyatlarini baholovchi DxOMark professional servisi yaqinda iPhone XR modelini yakka kamerali smartfonni «a’lo»ga baholagan edi. Ammo ekspertlar boshqa kompaniyaning navbatdagi telefoni kamerasini ham o‘rgangach, uning ayfondan ustunligini e’tirof etishdi.

O‘QING: iPhone XS Max kamerasiga DxOMark baho berdi: «Yaxshi, lekin eng zo‘ri baribir boshqa!»

Xullasi kalom, DxOMark mutaxassislari oktyabrda namoyish etilgan Google Pixel 3 smartfoni kamerasini ham tekshirib ko‘rishdi. Ma’lum bo‘lishicha, qidiruv gigantining ushbu smartfoni yakka modulli kameraga ega bo‘lsa-da, suratga olishi zo‘r ekan!

Ekspertlarning ta’kidlashlaricha, Google Pixel 3 kamerasining ijobiy jihatlariga quyidagilar kiradi: avtofokusning tez ishga tushishi, mayda tafsilotlargacha yaxshi ilg‘ay olishi, hatto kam yoritilgan sharoitlarda ham yaxshi suratga olishi kabilar. Kamera kamchiliklar qatorida esa sezilarli «shovqin» mavjudligi (ayniqsa yaxshi yoritilmagan sharoitlarda), ranglarning soya solishi va videoga tushirishda bilinar-bilinmas titrashi singari jihatlar sanab o‘tilgan.

«Pixel 3 modelida Google suratlarni mashinaviy ta’lim asosida qayta ishlash bo‘yicha yaxshi natijalarga erishgan. Bu – universal kamera, kishilar uni «qo‘lda» sozlab o‘tirmasdan bemalol ishlatishlari mumkin», – deya ta’kidlashdi DxOMark mutaxassislari.

Google Pixel 3 kamerasida olingan suratlarni yuqori sifatda tomosha qilish uchun mana bu havola orqali DxOMark saytidagi maxsus sahifaga o‘tishingiz mumkin.

Xullasi kalom, Pixel 3 fotosurat sifati bo‘yicha 103 ball, video bo‘yicha esa – 98 ball oldi va umumiy balli 101 bo‘ldi. Bu natija bilan u eng yaxshi kamerofonlar reytingida 8-o‘rinni egallagan. Undan yuqoridagi yettita pog‘onani ikki va uch modulli bosh kameraga ega smartfonlar egallaganini inobatga olsak, Google Pixel 3 yakka kamerali smartfonlarning yangi «qiroli» bo‘lib chiqyapti!

O‘QING: Google tayyorlagan «kambag‘albop» Pixel 3 Lite taqdimotdan avval fosh etildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!