DxOMark’ni poraxo‘rlikda ayblashyapti: «xolis» baholashning bahosi qancha?

  •   DiMaX
  •  674
  •  17.02.2020 15:56

DxOMark’ni poraxo‘rlikda ayblashyapti: «xolis» baholashning bahosi qancha?

Turli raqamli qurilmalarning kamera imkoniyatlarini tekshiruvchi DxOMark fotolaboratoriyasi ancha nufuzga ega. Shuningdek, yaqindan buyon u smartfonlarning ovoz imkoniyatlarini baholashni ham yo‘lga qo‘ygan.

O‘QING: Xoh kamera, xoh ovoz, Xiaomi – eng shovvoz! (DxoMark reytingi)

Tarmoq informatorlaridan biri DxOMark tekshiruvlarining ob’yektivligiga shubha bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tekshiruv xizmati mutaxassislari smartfonsozlarga qurilmaning testda «to‘g‘ri» ball olishi uchun «ozroq cho‘zish»ni taklif etishadi.

Digital Chat Station taxallusli ushbu xitoylik insayderning yozishicha, o‘z gadjeti DxOMark testida yuksak baho olishi uchun ishlab chiqaruvchilar bu laboratoriyaga 100 000 yevrogacha pul to‘lashadi. Shundan so‘ng DxOMark smartfonsozga go‘yoki kamerani eng yaxshi tarzda sozlash bo‘yicha tavsiyalarini yuboradi, natijada testda devays «to‘g‘ri» baho oladi.

Insayderning da’vosiga ko‘ra, agar smartfonsoz bilan kelishib olsa, DxOMark tekshiruvlar davomida yaxshi chiqmagan suratlar yakuniy tavsifga kiritmay qo‘yaveradi. Agarda ishlab chiqaruvchi «qistirish»ga rozi bo‘lmasa, mutaxassislar uning yangi modelini o‘zlari sotib olishadi va oldindan kompaniya bilan kelishib olmasdan, testlardagi barcha natijalarni e’lon qilib yuborishadi.

O‘QING: 2019 yilning eng zo‘r kamerofonlari: DxOMark reytingi chiqdi

2018 yilning o‘rtalarida DxOMark kompaniyasining marketing bo‘yicha vitse-prezident Nikolas Tachard aytganiga qaraganda, turli smartfonsozlar laboratoriyaga bir necha bor smartfonlarni «buyurtmaga ko‘ra» testdan o‘tkazishni taklif etishgan. «Lekin mutaxassislarimiz hamisha bunaqa takliflarni rad etib kelishadi, chunki hamisha faqat ishonchli natijalarni e’lon qilishga intilishadi».

Yuqoridagi da’vo qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmadik, lekin yaqindagina bir qiziq ma’lumotni e’lon qilgandik. Ya’ni, ovoz yangrash sifati bo‘yicha o‘tkazilgan «ko‘r-ko‘rona» test g‘olibi Google Pixel 4 XL bo‘lib chiqqan. Holbuki, DxOMark servisining ovoz sifati bo‘yicha reytingida bu smartfon atigi beshinchi o‘rinni olgan edi!

O‘QING: Eng qimmat ayfon ham DxOMark reytingida Apple’ni sharmanda qildi