E3 – yangi o'yinlar taqdim qilinadigan dunyodagi eng katta tadbirlaridan birining bu yilgi soni bekor qilindi

E3 – yangi o'yinlar taqdim qilinadigan dunyodagi eng katta tadbirlaridan birining bu yilgi soni bekor qilindi

Geyming olamidagi eng katta tadbirlarning biri, har yili bo'lib o'tadigan E3 (Electronic Entertainment Expo) 2019-yildan beri ilk marta oflayn tarzda qayta tashkillanishi kutilayotgan edi, lekin so'nggi xabarlarga ko'ra u bekor qilingan.

Ma'lum bo'lishicha, uning qoldirilishiga bo'lajak tadbirning "sanoat hajmi, kuchi va ta'sirini ko'rsatadigan tarzda amalga oshirish uchun zarur bo'lgan doimiy qiziqish" yig'a olmaganligi sabab bo'lgan.

Ta'kidlash joizki, yanvar oyida IGN nashri Microsoft, Nintendo va Sony kompaniyalari E3 ko'rgazmasida qatnashmasliklarini xabar qilgan edi. Fevral oyida Ubisoft, mart oyiga kelib esa, Sega va Tencent kompaniyalari ham bu yilgi E3 sonida qatnashmasliklari ma'lum bo'lgan.

E3 ko'rgazmasi 2023-yilning 13-16 iyun kunlari bo'lib o'tishi va bu ko'rgazmaning 2019-yildan keyin o'tkaziladigan ilk oflayn tadbiri bo'lishi kutilayotgan edi. Aytish kerakki, 2020-yili E3 Covid-19 sabab bekor qilingan edi. 2021-yilda E3 onlayn tarzda bo'lib o'tgan. 2022-yilda esa tadbirni keyingi yili jonli o'tkazish niyatida bekor qilingan edi.

Biroq, umidni uzishga hali erta, chunki ReedPop va ESA hali yana kelajakda E3 tadbirlarini qayta tashkillash uchun birga ishlashlarini ma'lum qilishgan.

E3 o'rnini bosa oladigan geyming tadbirlari

E3 ning bekor qilinishi hammasi tugadi degani emas. Aytish kerakki, E3 dan tashqari ko'rish kerak bo'lgan e'tiborli o'yin tadbirlari hali oldinda. Masalan, 2021-yilda Elden Ring, 2022-yilda esa The Last of Us o'yinlarining ilk geympley treylerlari kabi "bomba yangiliklar" bilan 2020-yildan beri jurnalist Jeff Keyli tomonidan o'tkazib kelinayotgan Summer Game Fest tadbirining bu yilgi soni yilning eng katta tadbirlaridan biri bo'lishi va'da qilinmoqda. U 8-iyun kuni bo'lib o'tadi.

Summer Game Fest'dan bir necha kun o'tib, 11-iyunda esa Microsoft o'zining Xbox Games ko'rgazmasi o'tkazish niyatida. Unda siz Starfield o'yini geympleyi, Overwatch 2 o'yinining bepul bo'lishi va Hollow Knight: Silksong o'yinini Xbox uchun namoyish qilinishi kabi eksklyuziv yangiliklar bilan tanishishingiz mumkin.

12-iyun kuni esa Ubisoft ham o'zining Forward Live tadbirini o'tkazishi kutilmoqda. Unda qaysi o'yinlar namoyish qilinishi hozircha noma'lum, lekin yangi Assassin's Creed o'yini va Prince of Persia: Sands of Time'ning anchadan beri cho'zib kelinayotgan qayta ishlangan versiyasi haqida yangiliklar bo'lishi ehtimoldan holi emas.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.