Ehtiyot bo‘ling: smartfon himoyasini Skype orqali buzish yo‘lini topishdi! (+«jonli» video)

  •   DiMaX
  •  698
  •  07.01.2019 15:26

Ehtiyot bo‘ling: smartfon himoyasini Skype orqali buzish yo‘lini topishdi! (+«jonli» video)

Skype messenjerining Android tizimi uchun ishlab chiqilgan kliyenti himoyasida «tuynuk» mavjudligi aniqlandi. Eng yomoni – u orqali kirib, hatto blokirovkada turgan smartfondagi suratlar, kontaktlarni ko‘rish, brauzerni ishlatish mumkin ekan!

O‘QING: Messenjerlar foydalanuvchilari uzoq kutgan muhim funksiya birinchi bo‘lib Skype’ga joriy etildi!

To‘g‘ri, buning uchun avval o‘sha Android-smartfonni qo‘lga kiritish hamda egasining Skype’dagi kontaktini bilish kerak bo‘ladi. Uyog‘i esa oson – blokirovka kalitini bilmasa-da, mazkur messenjer orqali o‘g‘irlab olingan smartfonga qo‘ng‘iroq qilib, uni qabul qilish, so‘ngra qurilma ichidagilarni ko‘rish mumkin.

Mana, bu jarayonni quyidagi videoda tomosha qilamiz:

Skype himoyasidagi ushbu «tirqish»ni xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis – kosovolik 19 yashar Florian Kunushevsi (Florian Kunushevci) topgan. Bu haqda u allaqachon Microsoft’ga xabar qilgan, kompaniya esa ilovaning mazkur nuqson bartaraf etilgan 8.15.0.416 talqinigacha yangilagan.

Agarda siz ham Android-smartfoningizda Skype ishlatayotgan bo‘lsangiz, ushbu xavfdan xalos bo‘lish uchun uni yangilab oling.

O‘QING: Rossiyalik maktab o‘quvchilari Tesla himoyasini buzib, yadro hujumini to‘xtatib qolishdi!