Ehtiyot bo‘ling: WhatsApp’da yangicha firibgarlik tarqalmoqda!

  •   DiMaX
  •  946
  •  03.04.2019 18:21

Ehtiyot bo‘ling: WhatsApp’da yangicha firibgarlik tarqalmoqda!

ESET antivirus kompaniyasi ekspertlari WhatsApp messenjerida yangicha ko‘rinishdagi aldov – fishing hujumi tarqalayotgani haqida bong urishmoqda. Bunda foydalanuvchilarga tarqatmalar jo‘natib, ilova interfeysining rangini o‘zgartirish uchun maxsus kengaytmani yuklab olish taklif etiladi.

O‘QING: Fishingning 8 belgisi

Aldov qurboni bo‘layotgan foydalanuvchiga yuborilgan tarqatmada yashil WhatsApp interfeysini istalgan rangga almashtirishni taklif etishadi. Buning uchun o‘sha kelgan havola orqali o‘tish va maxsus kengaytma yoki dasturni o‘rnatib olish kerak bo‘ladi. Tabiiyki, ushbu dasturiy ta’minot ziyonkor kodga ega.

Qurilmaga o‘rnatib olingach, bu kengaytma WhatsApp’dagi kontaktlarga hamda guruhlarga avtomatik tarzda shunaqa taklif jo‘nataveradi. Qiziq joyi – zararli bo‘lsa-da, mazkur kengaytma yaqinlargacha Chrome internet-do‘konida turgan va uni taxminan 16 mingtacha kishi yuklab olgan.

Smartfonlar egalariga esa tegishli havolani do‘stlariga o‘zi yuborishi taklif etiladi, shusiz WhatsApp’ning rangi o‘zgarmaydi. Keyin esa foydalanuvchiga best_video.apk nomli faylni yuklab olish va bildirishnomalarga obuna bo‘lish taklif etiladi. Shundan so‘ng bu smartfonga reklamalar chiqarib turuvchi troyan-virus tushadi.

Jo‘natilayotgan xatlarning tiliga qaraganda, fishing hujumi asosan braziliyaliklarga va ispan tilli boshqa xalqlarga qaratilgan. Ammo uning tez orada boshqa hududlarga ham tarqalishini taxmin qilish mumkin, shu boisdan ehtiyotkorlik talab etiladi.

O‘QING: Android tizimiga viruslar nega tushadi va ulardan qanday qutulamiz?