Ehtiyot bo‘ling! «O‘lim guruhlari» Toshkentgacha yetib keldi!

  •   DiMaX
  •  3712
  •  20.02.2017 10:11

Ehtiyot bo‘ling! «O‘lim guruhlari» Toshkentgacha yetib keldi!

«Ko‘k kit» deb nomlangan xavfli o‘yin sobiq Ittifoq mamlakatlari orasida keng tarqalmoqda. Bu haqda Sputnik nashriga tayanib Sof.uz sayti xabar bermoqda.

2016 yilda Rossiyada 720 nafar, Qirg‘izistonda 95 nafar va Qozog‘istonda 33 nafar o‘smirlar aynan shu o‘yin tufayli o‘z joniga qasd qilishgan. (Tekshiruv natijasida o‘smirlarning Rossiyada 15 nafari, Qirg‘izistonda 10 dan ortig‘i va Qozog‘istonda 16 nafari ijtimoiy tarmoqlardagi «o‘lim guruhlari» a’zosi bo‘lgani aniqlangan).

Bu qanday o‘yin?

Ko‘k kit, men o‘yindaman, meni soat 4:20da uyg‘ot va hokazo xeshteglarini chop etgach, o‘smir ma’lum vaqt o‘tib «kurator»lardan topshiriqlar, turli boshqotirmalar ola boshlaydi. Avvaliga ularga yechim topish o‘smir uchun qiziq tuyuladi. O‘yinchidan avvaliga qo‘liga ko‘k kitning rasmini chizishni so‘rashadi, keyingi topshiriq esa tanadan piska (lezviye) yordamida ko‘k kitning suratini kesib olish bo‘ladi.

O‘yin ishtirokchisi har bir bajarilgan topshiriqni suratga olib, dalil tariqasida «kurator»ga yuboradi. So‘nggi topshiriq esa o‘z joniga qasd qilish bo‘ladi. Agar o‘smir ushbu topshiriqni bajarishdan bosh tortsa, «kurator»lar unga ota-onasi va yaqinlarini o‘ldirish bilan tahdid qila boshlaydilar. Hali ruhiyati chiniqmagan o‘smir, o‘yin boshlashdan o‘z «o‘lja»sini obdon o‘rgangan va uning nozik tomonlarini payqab olgan o‘yin moderatori ta’siriga tushib qoladi.

O‘tish davrida qaysi o‘smirda muammolar bo‘lmaydi deysiz? Ba’zan butun dunyo ularga qarshidek, ota-onalari ularni tushunmayotgandek, maktab esa faqat muammolardan iboratdek tuyuladi ularga.

«O‘lim guruhlari» – ular kim?

OAVda «o‘lim guruhlari» deb nom olgan bunday guruhlar odatda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, asosan maktab yoshidagi bolalarni jalb qiladi. Guruhlar tajribali psixologlar tomonidan boshqarib boriladi.

Ijtimoiy tarmoqda «o‘lim guruhi» tashkil qilgan kishi qo‘lga olindi. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov Qozog‘istonda faoliyat yuritgan ana shunday guruhlardan ikkitasining nomini tilga oldi: «Ko‘k kit» (Siniy kit) va «Tinch uy» (Tixiy dom). Ushbu guruhlar o‘z faoliyatini o‘yin sifatida olib borgan. Guruh a’zolari turli topshiriqlar bajarib, uni videoga olishlari va guruhda namoyish qilishlari kerak bo‘lgan. Masalan, tez ketayotgan avtomobil oldidan so‘nggi damda yugurib o‘tish kabi…

Internetda haydovchilar bir necha bor shunday voqeaning guvohi bo‘lishgan ekan. Bu o‘yinlarda bosqichma-bosqich «topshiriq»lar murakkablashtirib boriladi va eng oxirgi topshiriq o‘z joniga qasd qilish bo‘lar ekan. Vazir xabariga ko‘ra, «o‘lim guruhlari»ga qarshi kurashishda ma’lum qiyinchiliklar bor, chunki guruh boshlovchilarining ko‘pchiligi chet eldan turib faoliyat yuritmoqda.

Jumladan, «VKontakte» Rossiyada, Facebook va Instagram esa AQShda joylashgan. Ayni damda Qozog‘iston IIV tomonidan ularni texnik blokirovka qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. O‘tgan yil davomida Qozog‘iston huquqni saqlash organlari tomonidan ushbu kabi jinoyatlar uchun 44 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Aniqlanishicha, shu «o‘yin»lar oqibatida 16 nafar bola qurbon bo‘lgan.

Mutaxassis maslahati

Hozirgi texnik taraqqiyot zamonda xavf-xatar kutilmagan tuynuklardan kirib kelmoqda. Yoshligida kompyuter o‘ynamay, internet nimaligini bilmay katta bo‘lgan ota-onalar bugungi kunda Internetda qanday xavf-xatar yashiringani tasavvur ham qila olmaydi.

O‘zi kun bo‘yi ishda, bolasi esa qo‘lida telefon bilan yoki kompyuter yonida yolg‘iz qolsa, xohlagan saytiga kirishi, istagan guruhlarga a’zo bo‘lishi mumkin. O‘z farzandini ana shunday xavflardan asrash uchun ota-ona uning smartfon va planshetida qanday o‘yinlar o‘ynayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda kim bilan muloqot qilayotganidan xabardor bo‘lib turish o‘ta muhim. Eng yaxshisi, bolani imkon qadar ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band qilish kerakki, Internet o‘yinlarini o‘ynayotgan o‘smirning ortiqcha ishlar bilan shug‘ullanishga vaqti ham kuchi ham qolmasin. Turli sport mashg‘ulotlari, to‘garaklar, musiqa darslari, uy yumushlari va hokazo.

Eng yomoni – farzandining ishonchini yo‘qotish va undan uzoqlashib ketish. Buning oldini olish uchun ota-ona ko‘proq bolaning hayotida ishtirok etishi kerak, u bilan birga shug‘ullanishi, uning maktabda, to‘garakdagi muvaffaqiyatlari bilan qiziqishi va kerak bo‘lganda maslahat berib turishi o‘ta muhim. Har qanday o‘smir ham tezroq katta bo‘lib «jiddiy» ishlar bilan shug‘ullanishga oshiqadi. Shunday vaqtda u ijtimoiy tarmoqlarda turli g‘alamislarga duch kelishi mumkin.

«Nosog‘lom ma’naviyatli» guruhga a’zo bo‘lgan bolaning fe’l-atvori tezda o‘zgaradi. U kamgap va odamovi bo‘lib qolishi, kun bo‘yi uyda o‘trishi, o‘zining doimiy o‘rtoqlari va sinfdoshlaridan ajralib, butunlay yangi tanishlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi, oila a’zolari bilan kam muloqot qilib, sal narsaga jahli chiqadigan bo‘lib qolishi mumkin.

Bunday hollarda, eng asosiysi, ota-ona har lahza, har qadamda farzandidan boxabar bo‘lib turishi kerak. Bolaning noqonuniy faoliyat yurituvchi guruhga a’zo bo‘lgani aniqlansa, darhol huquqni himoya qiluvchi idoralarga xabar qilishi shart. Shunda u nafaqat o‘z farzandining, balki boshqa bolalarning ham hayotini saqlab qolishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.