Ekranga tikilib, NECHA YILLIK UMRINGIZni o‘tkazib yuborayotganingizni bilasizmi?

  •   DiMaX
  •  1581
  •  17.11.2020 11:06

Ekranga tikilib, NECHA YILLIK UMRINGIZni o‘tkazib yuborayotganingizni bilasizmi?

Zamonaviy kishilarni, ayniqsa yoshlarni smartfon, planshet va boshqa gadjetlarsiz tasavvur qilish qiyin. Lekin ular bilan mashg‘ul bo‘lib, odam qancha vaqtini bekor o‘tkazib yuborishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

O‘QING: Sizga faqat internet kerakmi?

Whistle Out tadqiqot kompaniyasi kishilarning har kuni smartfonga qancha vaqt xarjlashlarini tekshirib ko‘rdi. Tekshiruvlar doirasida 1000 nafar kishi orasida so‘rov o‘tkazilgan – ulardan har kuni smartfondan qancha vaqt foydalanishlari so‘rab ko‘rilgan.

Mutaxassislar kishilarni uchta yosh guruhiga bo‘lib o‘rganishgan: «bumerlar» (1946–1964 yillarda tug‘ilganlar), «X-avlod» (1965–1980 yillarda tug‘ilganlar) va «milleniallar» (1981–1996 yillarda tug‘ilganlar). Ma’lum bo‘lishicha, uchta guruh vakillarining smartfondan foydalanish vaqti bo‘yicha farqi aytarli katta emas ekan.

«Bumerlar» kuniga o‘rtacha 2,5 soat vaqtini smartfon bilan o‘tkazadigan bo‘lsa, «X-avlod» vakillarida bu ko‘rsatkich 3 soatga, «milleniallar»da esa – 3,7 soatga teng bo‘lib chiqqan. Ya’ni, kishi qanchalik yosh bo‘lsa, texnikaga shuncha ko‘p vaqt sarflayotgani aniqlangan.

Agar yuqoridagi ko‘rsatkichlar vaqt o‘tishi bilan ham o‘zgarmaydi, deb hisoblasak va umrning o‘rtacha davomiyligini olib, taxminiy hisob-kitob qilsak, «milleniallar» o‘z umrining naq 9 yillik vaqtini smartfon ekraniga termulish bilan o‘tkazib yuborishlari ma’lum bo‘ladi. Taqqoslash uchun: kishi o‘z umri davomiyligiga bog‘liq holda, uxlash uchun 15 yildan 30 yilgacha vaqt sarf etadi.

Demak, yaqinlaringizga ham ushbu ma’lumotni yetkazib qo‘yganingiz ma’qul: zarurati bo‘lmasa telefonga tikilib, umrning betakror lahzalarini, kunlari va yillarini bekorga o‘tkazib yuborishmasin. Xususan, b olaning gadjetlar bilan o‘tkazadigan vaqtini cheklash uchun biz o‘ylaganimizdan ko‘ra jiddiyroq sabablar mavjudligi haqida ham yozganmiz.

O‘QING: Bolangiz smartfondan bosh ko‘tarmayaptimi? Ayb sizning daromadingizda!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!