Ekrani ham bukilib, ham cho‘ziluvchi ilk smartfon – TCL Fold 'n' Roll namoyish etildi! (video)

  •   DiMaX
  •  601
  •  15.04.2021 08:59

Ekrani ham bukilib, ham cho‘ziluvchi ilk smartfon – TCL Fold 'n' Roll namoyish etildi! (video)

Bukiluvchi displeyga ega smartfonlar allaqachon urfga kirib bo‘ldi, yangi trend esa ekrani cho‘ziluvchi gadjetlardir. TCL kompaniyasi esa bultar martdayoq cho‘ziluvchan ekranli smartfon va Z-simon buklamafon yaratgan – biz ularning «jonli» videolarini e’lon qilganmiz.

O‘QING: O‘rama smartfonni ishlayotgan holida «jonli» videoda ko‘ramiz!

TCL endi takrorlanmas form-faktorli gadjet – Fold 'n' Roll rusumli mobil qurilmasini rasman namoyish etdi. Uning ekrani maydonini ikki xil usulda kattaytirish mumkin – oddiy buklamafon kabi bukish va cho‘zish imkoni bor. Uning ishlash prinsipini kompaniya quyidagi videorolikda ko‘rsatib bergan:

TCL Fold 'n' Roll devaysi kompaniyaning o‘zi ishlab chiqqan DragonHinge sharniri bilan jihozlangan. Mazkur detal qurilmani bukish-yoyish orqali displeyning o‘lchamini 6,87 dyuym yoki 8,85 dyuymga keltirish imkonini beradi. Cho‘zish mexanizmi yordamida esa ekranning o‘lchamini 10 dyuymlik qilish mumkin. Bunda buklangan holatida gadjet korpusining qalinligi standart smartfonnikidan atigi bir yarim baravarga oshiq, xolos.

Bunday konstruksiyaning salbiy jihati esa korpus buklanganida smartfonning bosh kamerasi ichkarida qolishidir; suratga olish uchun qurilmani «planshet rejimi»ga yoyish shart. Ushbu g‘ayrioddiy smartfon hali prototip maqomida bo‘lib, yakuniy holatda taqdim etilish vaqti ham noma’lum. Shuningdek, kompaniya TCL Fold 'n' Roll modelining texnik xususiyatlarini ham oshkor etmayapti.

O‘QING: LG shu yiliyoq sotuvga chiquvchi, o‘rama ekranli Rollable smartfonini videoda ko‘rsatdi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!