Eksklyuziv video: iPhone 8 Plus va Galaxy Note 8’ni betonga tashlab sinashdi!

  •   DiMaX
  •  5431
  •  25.09.2017 15:30

Eksklyuziv video: iPhone 8 Plus va Galaxy Note 8’ni betonga tashlab sinashdi!

Hozirgacha savdoga chiqarilgan smartfonlar orasida eng yetakchilari – Samsung Galaxy Note 8 hamda iPhone 8 Plus flagmanlaridir. Xo‘sh, ulardan qay biri zarbalarga ko‘proq chidamli ekaniga qiziqasizmi?

Maqtanishda bir-biridan qolishmaydi

Har ikkalasining ham korpus orqa qopqog‘i baquvvat shishadan ishlangan va metall romi mavjud. Ammo, Janubiy Koreyalik gigantning Note 8 qurilmasida Gorilla Glass 5 toblangan shishasi ishlatilgan bo‘lsa, kupertinolik ishlab chiqaruvchi o‘zining iPhone 8 Plus modelida shu paytgacha smartfonlarda qo‘llangan shishalarning eng mustahkamini o‘rnatganini da’vo qilgan.

Xullasi kalom, mazkur da’volarning naqadar asosli ekanligini amalda sinab ko‘rishdi. YouTube’dagi PhoneBuff kanali Samsung Galaxy Note 8 hamda iPhone 8 Plus smartfonlarining mustahkamlik testini o‘tkazib, videotasvirini internetga joyladi.

Smartfonlarning testini o‘tkazish uchun, videobloger maxsus yaratilgan mashinadan foydalangan. Bu uskuna qurilmalarni yerga shunday kuch bilan tashlaydiki, bunda smartfon tabiiy balandlikdan – kishining qo‘lidan tushib ketgandagidek tushadi.

Xo‘sh, betonga tashlashda-chi?

Videobloger flagmanlarni qattiq yerga turli usullarda – orqa tomonini, burchagini va ekranini pastga qaratgan holda tashlab ko‘radi va bunda ularning shikastlanish darajasiga qarab baholaydi. Oxirgi raundda esa bir necha marta tashlab, nechta martagacha devays o‘z faoliyatini to‘xtatmasligini tekshiradi.

Har ikkala modelning orqa paneli bilan tushishi ularning ish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan, ammo shisha qopqoqlari darz ketgan. Burchagi bilan tushganda ham bu ikkala flagmanda salgina qirilish yuzaga kelgan, xolos. Ekrani bilan tashlashda esa ikkalovi ham shikastlangan, biroq iPhone 8 Plus darzlari displeyi bo‘ylab yoyilib ketgan, Galaxy Note 8’da esa faqat chekkalari darz ketgan.

So‘nggi jang

So‘nggi raundda bu ikkala gadjetni metall yuzaga bir necha bor tashlab, mustahkamligini sinab ko‘rishgan. Buni qarangki, o‘n marta tashlagandan keyin ham Samsung Galaxy Note 8 o‘chib qolmadi, teginishlarni sezdi va qo‘ng‘iroq qilishga yaradi. iPhone 8 Plus esa sakkizinchi tashlashdan keyin korpusining ayrim mayda qismlaridan ajraldi, o‘chib qoldi va boshqa yoqilmadi.

Marhamat, o‘zingiz ko‘rib zavqlaning:

 

Darveqe, ayni mazkur ishlab chiqaruvchilarning Galaxy S8 hamda iPhone 7 modellari betonga tashlab ko‘rilgan sinovning videosini ham ko‘rganmidingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!