Ekspert eng oson buziladigan parol turlarini aytdi

  •   DiMaX
  •  1031
  •  08.07.2020 17:01

Ekspert eng oson buziladigan parol turlarini aytdi

F-Secure kompaniyasining kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislari avvalroq eng ishonchsiz parollarni e’lon qilishgan edi. Bular – pochta yoki biror servisdagi akkaunt paroli emas, balki turli devayslarga qo‘yiladigan parollardir.

O‘QING: 2019 yilning eng yomon parollari reytingi: qarang-chi, unda sizniki yo‘qmikan?

Axborot xavfsizligi yo‘nalishidagi Positive Technologies kompaniyasining tahlil bo‘limi guruh rahbari Yekaterina Kilyusheva ham bu borada muhim ma’lumotlarni keltirgan. «RIA Novosti»ga bergan intervyusida u xakerlar buzishi eng oson bo‘lgan parollarning turlarini aytgan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, aksariyat foydalanuvchilarning eng katta muammosi shundaki, ular «qwerty» turidagi yoki tug‘ilgan kuni sanasidan iborat bo‘lgan eng sodda parollarni qo‘llashadi.

«Mutaxassislarimiz tomonidan bultur o‘tkazilgan tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, eng keng ommalashgan parol formatlaridan biri – «OyYil»ning lotincha klaviaturada yozilishidir. Masalan, kishilar «Dekabr2019» tushunchasini «Ltrf,hm2019» shaklida yoki «Avgust2019»ni «Fduecn2019» holida parol qilib tanlaydilar. Bunaqa parollar har uchta kompaniyaning birida uchraydi; tashkilotlardan birida esa 600 nafardan oshiq foydalanuvchi shu turdagi parolni ishlatib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi», deydi Kilyusheva.

Demak, agar sizning ham biror servisdagi parolingiz shu formula asosida tuzilgan bo‘lsa, o‘zgartirib qo‘yganingiz ma’qul. Darvoqe, sizga qadrdon Terabayt.uz saytida parolingizni buzish qanchalik osonligini onlayn tekshirish usuli haqida, shuningdek, parolingiz o‘g‘irlanganini Google Chrome orqali aniqlash yo‘li xususida ham maqolalar chiqqan. Shuningdek, parolingiz o‘g‘irlanganini tekshirib ko‘rsatuvchi Telegram-bot haqidagi xabarimiz ham sizga asqotsa kerak.

O‘QING: Wi-Fi parolini Android-smartfon orqali aniqlasa bo‘ladi!