Elektromobillar kelajagi: elektr qachon yonilg‘ini butkul yengadi?

  •   DiMaX
  •  870
  •  09.06.2021 17:53

Elektromobillar kelajagi: elektr qachon yonilg‘ini butkul yengadi?

1913 yilda Henri Fordning ilk ishlab chiqarish liniyasi ishga tushgandan keyin sodir bo‘lgan eng katta inqilob davrida yashayapmiz. Bu inqilob kutilganidan ko‘ra ancha tez sodir bo‘lishi mumkin, deyiladi Kun.uz nashri e’lon qilgan maqolada.

O‘QING: Ilon Mask hali chiqmagan Tesla Cybertruck salonini ilk bor ko‘rsatdi: ekran, shturval...

Ko‘plab avtomobilsozlik mutaxassislari kritik chegaralar bosib o‘tilgani va elektromobillar savdosi juda qisqa vaqt ichida benzin va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi mashinalar savdosidan o‘tib ketishini ta’kidlashmoqda. Yirik avtomobilsozlar ham ayni shu fikrda.

Masalan, Jaguar 2025 yildan boshlab faqat elektromobillar sotishni rejalashtirmoqda. Ushbu sana Volvo uchun 2030, Lotus uchun esa 2028 yil.

Bunday qarorga kelganlar faqat hashamatli brendlar emas. Chunonchi, General Motors 2035 yilda barcha avtoulovlarini elektrlashtiradi, Ford 2030 yildan e’tiboran Yevropada faqat elektromobil sotadi, Volkswagen esa 2030 yildan sotuvlarining 70 foizini elektrli ishlab chiqarish tashkil qilishini aytmoqda.

Bu qandaydir moda yoki «yashil» imijni yaratish uchun qilinayotgan ko‘zbo‘yamachilik emas.

Dunyodagi aksar hukumatlar neft bilan harakatlanuvchi vositalar sotuvini taqiqlash muddatlarini e’lon qilgani ham jarayonni yanada tezlashtirdi.

Elektromobil bozori va internet: qanday o‘xshashlik mavjud?

Ayrim mutaxassislarning fikricha, ayni paytdagi elektr transport vositalari bozori 1990-yillar oxirlarida internet qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanga o‘xshash vaziyatda.

O‘sha paytlar kompyuterlarning bir-biri bilan «gaplashishi»ga imkon beradigan ushbu yangi ixtiro juda katta hayajonga sabab bo‘lgandi.

Jeff Bezos Amazon kompaniyasiga asos soldi va Altavista, Ask Jeeves, Yahoo kabi brendlar ustunlik qilgan qidiruv tizimi bozorini tezda Google egallab oldi.

Ushbu jarayonda ba’zi kompaniyalarga «labga uchuq toshiradigan» darajadagi yuqori qiymatlar berildi.

Hali internetga ulanmaganlar uchun internet qiziq va hayajonli, shu bilan birga, ahamiyatsiz texnologiya edi: axir, kompyuterlarning bir-biri bilan aloqasi nima ishga ham yarardi? Qolaversa, hammaning qo‘lida telefon, bu kabi aloqaga qanday ehtiyoj bo‘lishi mumkin!?

Ammo boshqa barcha muvaffaqiyatli texnologiyalar kabi internet ham butun dunyoga bir tekisda, sekinlik bilan tarqalmadi. Aksincha, u portladi, ko‘plab sanoat va biznes modellarini larzaga soldi va biz bilgan deyarli hamma narsani o‘zgartirdi. U texnologlar S egri chiziq deb atovchi shaklda dunyo bo‘ylab yoyildi.

S egri chizig‘i bo‘ylab «sayohat»

Aslida, ikki uchi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan S shakli ifodalaydigan asosiy g‘oya shundan iboratki, innovatsiyalar asta-sekin boshlanadi va ular dastlab faqat qiziquvchanlarnigina jalb qiladi. Elektromobillar ham ayni paytda S egri chizig‘ining pastki burilish nuqtasi atrofida.

Internet misoliga qaytadigan bo‘lsak, chiziqning boshlang‘ich nuqtasi 1969 yil 29 oktyabr soat 22:30.

O‘sha kuni Kaliforniya universitetidagi kompyuter yuzlab chaqirim naridagi Stenford universitetidagi boshqa bir kompyuterga ilk xabarni jo‘natgandi.

Olimlar L, O va G tugmachalarini bosishadi, ammo «login» (kirish) so‘zini to‘liq yozishga ulgurmay tizim ishlamay qoladi.

Yangi mahsulotlar va S egri chizig‘i

Oradan o‘n yil o‘tganidan keyin ham butun dunyoda internetga ulangan kompyuterlar soni bir necha yuzdan ortiq emas edi. Ammo o‘zgarish tezlashib borayotgandi.

1990-yillarda texnologiyaga qiziquvchi odamlar shaxsiy kompyuter sotib ola boshladi. Bozor o‘sishi natijasida ham narxlar tezlik bilan pasaya boshladi, ham kompyuterlarning sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib bordi.

Bu holat esa odamlarni yanada ko‘proq kompyuter sotib olishga undaydigan spiralni vujudga keltirdi. Shunday qilib, internetdan foydalana boshlagan insonlarning soni tobora ortib bordi.

O‘sha paytlarda S egri chizig‘i keskin o‘sish nuqtasiga kelgandi. 1995 yilda internet foydalanuvchilarining soni 16 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2001 yilda bu raqam 513 millionga yetdi. Bugungi kunda esa ushbu raqam 3 milliard atrofida.

Bundan keyin S egri chizig‘i parallelga yaqin yo‘nalish bo‘yicha harakat qiladi.

O‘QING: O‘zbekistonda elektromobil importi: qayerlardan, qayerlarga, nechta va qanchaga?

Elektromobil: ilk muvaffaqiyatsizliklar

Sekin boshlang‘ich, o‘sish va bozorlarning to‘yinishi – biz bu tendensiyalarni smartfonlar, kameralar va hatto antibiotiklar misolida ham ko‘rdik.

Ichki yonish dvigatellari ham o‘tgan asrning boshlarida xuddi shunday egri chiziq bo‘ylab harakat qilgan. Bu holat bug‘ dvigatellari va bosmaxonalarga ham tegishli. Ayni shu tendensiya elektromobillarda ham kuzatilmoqda.

Aslida, elektromobillarning egri chizig‘i ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘ra oldinroqdan – shotlandiyalik ixtirochi Robert Andersonning 1830-yillarda yaratilgan ilk elektr transport vositasidan boshlanadi.

Ammo bu texnologiya faqat so‘nggi yillardagina raqobatbardosh narxga erisha oldi.

Top Gear’ning sobiq taqdimotchisi va ikkilamchi avtobozor sotuvchisi Kventin Uilson bu sohani eng yaxshi bilgan insonlardan. U o‘n yildan oshiq vaqt davomida elektromobil haydab kelmoqda.

U 20 yil oldin General Motors kompaniyasining EV1 deb nomlangan elektromobilini sinovdan o‘tkazadi.

Qiymati bir milliard dollardan ziyodroq bo‘lgan avtomobil ishlab chiqarish loyihasi to‘xtatiladi, ishlab chiqarilgan 2 mingga yaqin avtomobillarning deyarli barchasi yo‘q qilinadi.

EV1 diapazoni halokatli edi, haydovchi uni o‘rtacha har 80 kilometrda zaryad qilishi kerak edi. Ammo u baribir Uilsonning qalbini zabt etadi. «Men kelajak keldi, deb o‘ylagandim», deydi u.

10 yil o‘tgach, u o‘zining birinchi elektromobili – Citroen C-Zero’ni boshqa Top Gear taqdimotchisi Jeremi Klarksonga ko‘rsatadi va uning qanday munosabat bildirganini unuta olmaydi: «U menga: «Sen nima qilding, bu g‘irt sharmandalik-ku!» – degandi.

Ammo Uilson hozir ortga boqib, mashinaning harakatlanish masofasi kamaymasligi uchun konditsionerni o‘chirib qo‘ygan damlarini eslaydi.

U endi o‘zining so‘nggi model mashinasi – Tesla Model 3 bilan masofaga bog‘liq muammolarga duch kelmayapti. Uilson bitta zaryad bilan 300 mil yurishi mumkinligini va 3,1 soniyada 0 dan 100 tezlikka chiqa olishini aytadi. «Juda qulay, keng va yorug‘. Haydash maroqli. Men ortga qaytmasligimga aminman», deydi u.

Darhaqiqat, bugungi kunda elektromobillarning dvigatellari, ularni boshqaruvchi kompyuterlar, zaryadlash tizimlari va dizayn bo‘yicha katta yutuqlarga erishildi. Ammo Uilsonning 10 yil avvalgi bilan taqqoslagan tajribasi ortida bir farq mavjud: avtomobilning harakatsiz qismi – batareyasi yaxshilanib bormoqda.

Shuningdek, eng katta o‘zgarishlardan yana biri – narxlardir.

10 yil oldin soatiga bir kilovatt energiya yetkazib bera oladigan akkumulyatorning narxi 1000 dollar atrofida edi. Bugun ushbu narx 100 dollarga tushdi.

Shu nuqtai nazardan, ular ichki yonuv dvigatelida ishlaydigan mashinalarga qaraganda arzonroq. Ammo Taysonning aytishicha, yonilg‘i va xizmatni tejashi hisobga olinsa, ko‘plab elektromobillar benzinda harakatlanuvchilarga qaraganda ancha arzonroq.

Qolaversa, bugungi kunda batareyalar avvalgiga qaraganda ko‘proq energiya to‘plashi va uzoq umr ko‘rishi mumkin.

O‘tgan yili Xitoyning akkumulyator ishlab chiqaruvchi CATL kompaniyasi avtomobillar uchun foydalanish muddati bir million mil (1,6 million kilometr) bo‘lgan ilk batareyasini taqdim etdi.

Uber va Lyft kabi yirik kompaniyalar ham ushbu o‘zgarishlarda yetakchilik qilishmoqda, chunki uzoq masofalar uchun elektromobillardan foydalanish yanada katta foyda keltiradi.

Taysonning aytishicha, narxlar arzonlashgan sari qisqa masofada mashina haydaydigan iste’molchilarning ham elektromobillardan foydalanish ko‘rsatkichi ortib boradi.

O‘QING: Ilon Mask ham xuddi UzAuto kabi bahona qildi: «Bu hojatxona qog‘ozi yetishmasligiga o‘xshaydi»

Xo‘sh, bu qanchalik tez sodir bo‘ladi?

Juda tez sodir bo‘ladi. 1990-yillardagi internet singari, elektromobillar bozori ham keskin o‘sib bormoqda.

2020 yilda pandemiya sababli avtomobillar savdosi 20 foizga kamaydi, ammo elektromobillar sotuvi 43 foizga oshdi.

Dunyo bo‘ylab elektromobillar savdosi o‘sib bormoqda

Garchi bu yillik sotuvlarning atigi 5 foizini tashkil qilsa ham, biz hozirda S egri chizig‘ining tez sur’atlarda ko‘tarila boshlagan qismiga kirdik.

UBS investitsiya banki 2025 yilda sotilgan har beshinchi avtomobil, 2030 yilda har ikkinchi, 2040 yilda har sotilgan transport vositasi elektrli bo‘lishini aytmoqda. Bunga ishlab chiqaruvchilar «o‘rganish egri chizig‘i» deb nomlaydigan yana bir egri chiziq ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Biror narsa qancha ko‘p ishlab chiqilsa, odatda, uni shuncha arzonroq va yaxshiroq ishlab chiqarish ham o‘rganiladi. Shu tufayli ham kompyuterlar, neft bilan ishlaydigan vositalar arzonlashdi.

Batareyalar va elektromobillar narxining pasayishiga olib kelayotgan sabab ham shu.

«Biz burilish nuqtasida turibmiz», deydi Kaliforniyadagi Singularitry universiteti energetika va atrof-muhit kafedrasi hamraisi Ramez Naam. Uning fikricha, elektr transport vositalarining narxi yonilg‘i bilan yuruvchi avtomobillarning narxi bilan bir xil darajaga yetgan zahoti o‘yin tugaydi.

Tesla rahbari Ilon Mask ham shunday fikrda.

O‘tgan oy investorlar bilan suhbatda u Model 3 eng ko‘p sotilgan premium sedanga aylanganini, yangi va yanada arzonroq Model Y esa dunyodagi eng ko‘p sotiladigan avtomobilga aylanishini ta’kidladi. «Biz iste’molchilarning elektromobillar haqidagi tasavvurida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini ko‘ryapmiz, hech qachon bunday yuqori talabga duch kelmagandik», dedi u.

Albatta, elektromobillar benzin bilan harakatlanuvchi transport vositalarini yo‘ldan chiqarib tashlashi uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham talaygina. Eng muhimi, garaji bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, har kim o‘z mashinasini osonlik bilan zaryad qila olishi kerak.

To‘g‘ri, bunga vaqt va pul kerak bo‘ladi, ammo oxir-oqibat, bunga erishiladi. Xuddi 100 yil oldin bir necha yonilg‘i quyish shoxobchalari birin-ketin ochilgani kabi.

O‘QING: Diplomatiya universitetiga kira olmagan qiz Tesla’ga ishga kirdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!