Elektron hukumat bo‘yicha siz izlagan savollarga javoblar

  •   DiMaX
  •  1603
  •  13.04.2021 10:49

Elektron hukumat bo‘yicha siz izlagan savollarga javoblar

Hozirgi texnika-texnologiya va axborot asrida odamlar Elektron hukumat atamasiga ko‘p duch kelyapti. Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi u bilan bog‘liq eng ko‘p beriladigan savollarga qisqa javoblarni taqdim etgan.

O‘QING: Yagona portal: 2021 yili ishga tushadigan 60 ta yangi xizmat tasdiqlandi

Elektron hukumat nima?

Elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi.

Oddiy qilib aytganda, Elektron hukumat davlat idoralari bilan aloqalarni osonlashtiradi, navbat kutishlarni kamaytiradi, sertifikatlar, litsenziyalar, ma’lumotnomalar va boshqa hujjatlarni olish jarayonini soddalashtiradi. Davlat idoralari, tadbirkorlar, hatto, oddiy fuqarolarga ham har tomonlama samarali ishlashda ko‘maklashadi.

U qog‘ozbozlik va korrupsiyaga barham beradimi?

Agar jarayon mukammal yo‘lga qo‘yilsa, qog‘ozbozlik va korrupsiyaga sezilarli darajada barham berilishi aniq. Asl maqsad ham shu. Lekin bu nafaqat Elektron hukumat, balki davlat idoralariga ham bog‘liq. Hamma o‘z zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat bilan vaqtida bajarsa, kutilgandan ortiq natijalarga erishiladi.

Buning uchun Elektron hukumat davlat organlarining ichki jarayonlarini jiddiy qayta ko‘rib chiqishi va turli davlat xizmatlarining bir-biriga o‘zaro ta’sirini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim. Hozir O‘zbekistonda aynan shu jarayon amalga oshirilmoqda.

Yaqin-yaqingacha qanday edi?

Uzoq yillar davomida davlat idoralari va xizmatlari boshqalar uchun deyarli yopiq bo‘lib, alohida hayot kechirayotgandek edi. Fuqarolar va tadbirkorlar biror turdagi ma’lumotnoma yoki sertifikatni olish uchun bir nechta davlat idoralariga borishi, navbat kutishi, ishi tezroq bitishi uchun tanish izlashi kerak bo‘lardi. Bunda ish vaqti, asab va mablag‘ sarfi, odamlarning sarsongarchiligi umuman baholanmagan.

Bugun vaziyat ancha o‘zgardi. Endi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali 215 dan ziyod elektron hukumat xizmatlarini uyingiz yoki ishxonangizdan turib ham olishingiz mumkin. Buning uchun mutaxassislar har kuni yangi qulayliklar yaratish ustida bosh qotiryapti. Biroq hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p.

O‘QING: ID-karta – universal pasport: barcha ma’lumotlar bitta kartada (+videoqo‘llanma)

My.gov.uz nima? U qanday vazifani bajaradi?

Oddiy tushuntiradigan bo‘lsak, my.gov.uz portali fuqarolar, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarini yagona nuqtaga birlashtiruvchi katta, har tomonlama qulay, istagan mahsulotingizga oson buyurtma beruvchi «zamonaviy bozor»ga o‘xshaydi.

Uning yordami bilan siz ikki yuzdan ziyod davlat xizmatlaridan yiliga 365 kun, 24 soat davomida foydalanishingiz mumkin. Masalan, yashash joyi bo‘yicha ma’lumotnoma olish, sudlanganligi yo‘qligi to‘g‘risida guvohnoma talab qilish, korxonangizni ro‘yxatdan o‘tkazish va hokazolar.

Ya’ni deyarli barcha xizmatlar bir nuqtadan ko‘rsatiladi. Bu elektron hukumat xizmatlarini olishda zarur bo‘lgan hujjatlar bir joyda va bir vaqtning o‘zida taqdim etilishini anglatadi. Va bu korrupsiyani yo‘q qilish yo‘lidagi katta qadamdir.

Elektron hukumat tarkibiga nimalar kiradi?

Tizim tarkibiga quyidagilar kiradi:

  •  My.gov.uz – davlat xizmatlarini oluvchilar bilan bevosita aloqada bo‘lish uchun.
  •  Ochiq ma’lumotlar portali – davlat idoralarining ochiq ma’lumotlari va statistikasi.
  • To‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat idoralarining veb-saytlari.
  •  Axborot tizimlari majmuasi: «Sog‘liq», «Soliq», «Bojxona», «Ta’lim» va boshqalar, ular orqali davlat idoralari bir-biri bilan ma’lumotlar almashadi.
  •  Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi – elektron hukumatning butun tizimini muvofiqlashtirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
  •  Axborot xavfsizligi markazi.
  •  Davlat axborotni qayta ishlash markazi – ma’lumotlar bazalarini saqlaydi va elektron hukumat faoliyati uchun zarur ma’lumotlarni qayta ishlaydi.

O‘QING: Endi elektron hukumat xizmatlari telefoningizda! (+video)

Elektron hukumatning rivojlanishi jamiyatga, davlatga nima beradi?

Elektron hukumatning rivojlanish darajasi bilan davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud. Davlat boshqaruvi tizimidagi barcha jarayonlar tartibga solinsa, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar shaffoflashib, aholining davlat idoralariga ishonchi ortadi.

Davlat xizmatlarini olish uchun vaqt va xarajatlar qisqaradi, biznesni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaxshilanadi, bu esa iqtisodiyotning o‘sishiga olib keladi.

Elektron hukumat holati va davlatning rivojlanish darajasi BMTning har ikki yilda bir marta beriladigan hisobotida (UN E-Government Survey) tasdiqlanadi.

BMTning 2020 yilgi Elektron hukumatlar taraqqiyot indeksi reytingida Daniya, Janubiy Koreya va Estoniya yetakchilar safidan o‘rin olgan. O‘zbekiston esa mazkur reytingda 87-o‘rinda.

O‘QING: Davlat xizmatlaridan elektron foydalanish uchun lo‘nda qo‘llanma

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!