Endi amerikaliklar ham Telegram'dan norozi bo‘lmoqda

Endi amerikaliklar ham Telegram'dan norozi bo‘lmoqda

2013 yilda yaratilgan Telegram tarmog‘i o‘tgan besh yil davomida o‘zining foydalanuvchilariga bergan erkinliklari va imkoniyatlari, ularning shaxsiy ma’lumotlariga daxl qilmasligi bilan fahrlanib keldi. Biroq foydalanuvchilar uchun keng yaratilgan erkinlik amerikaliklarga yoqmagan ko‘rinadi.

Ma’lumki, AQShda mualliflik huquqiga nisbatan qattiqqo‘l qonunlar amal qiladi. Amerikaliklar pul to‘lamasdan film ko‘rmaydilar, musiqa eshitmaydilar yoki kitob o‘qimaydilar. Bunday ko‘ngilochar ne’matlardan tekinga foydalanmoqchi bo‘lganlarga esa toqat qilmaydilar.

Onlayn qaroqchilik bilan shug‘ullanayotgan kanallar

 

Bizning Sharqda esa har narsadan pul to‘lab foydalanish qat’iy odat darajasiga ko‘tarilmagan. Telegram tarmog‘ida esa kinolar, musiqalar, kitoblar va boshqa ko‘ngilochar kontentlarni bepul yuklab olish imkoniyatini beruvchi minglab kanallar, guruhlar yoki botlar mavjud. Ayni shu holat amerikaliklarning jig‘iga tegayotgan ko‘rinadi.

O‘QING: Nima sababdan maxsus xizmatlar Telegram'ni yomon ko‘radilar?

Telegram xizmatini Rossiya Federatsiyasi hududida bloklash to‘g‘risida sud qarori qabul qilingandan so‘ng AQShda faoliyat yuritadigan qator nashrlar Telegram'ning onlayn qaroqchilikka yo‘l qo‘yib berayotgani, bu ish bilan shug‘ullanayotgan foydalanuvchilariga ko‘z yumayotganini tanqid qilib chiqdi.

Amerikaliklarning yozishicha, Telegram tarmog‘ida a’zolari soni 100 mingdan ziyod minglab kanallar yoki guruhlar yillardan buyon fimlar, seriallar, qo‘shiqlar, kitoblar va boshqa kontentlarni bepul tarqatib kelmoqda.

Bunday kanallar va guruhlarni tarmoqdan topish juda oson. Shunchaki film yoki musiqaga aloqador so‘zlarni «Xalqaro Qidiruv» (Global Search)ga terib ko‘rilsa, kifoya. Fayllarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklab olish imkoniyatini taqdim qiluvchi o‘nlab kanal va ochiq guruhlar ko‘z oldingizda paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, AQSh joylashgan Facebook, Google kabi tarmoqlarning onlayn qaroqchilikka nisbatan toqati nolga teng. Ushbu tarmoqlarga yuklangan AQSh qonunchiligi bo‘yicha bepul tarqatilishi qonun bilan ta’qib qilinadigan har qanday fayl zudlik bilan o‘chirib yuboriladi. Uni yuklagan shaxs esa aksariyat hollarda qonunda tegishli jazoga tortiladi.

O‘QING: Sud qaror chiqardi, Telegram'ning Rossiyadagi taqdiri ayon bo‘ldi!

Mazkur masalani ko‘tarib chiqqan Amerika nashrlari o‘nlab onlayn qaroqchilik bilan shug‘ullanuvchi kanallar va guruhlar adminlari bilan suhbatlashgani haqida yozmoqda. Maqolalarda yozilishicha, adminlar Telegram ma’muriyati tomonidan ushbu faoliyati uchun hech qanday ogohlantirish olmagan yoki kanallari bloklab qo‘yilmagan.

Telegram'da 1.5GB dan katta fayllarni yuklashga cheklov bor. Biroq fayllar soni va ularning umumiy hajmiga hech qanday to‘siq qo‘yilmagan 1.5GB esa tasvir sifati o‘rtacha bo‘lgan kino uchun yetarli hisoblanadi. Amerikaliklar ba’zi kanal va guruhlarda o‘nlab terabayt qaroqchilik yo‘li bilan tarqatilayotgan fayllar mayjudligidan jig‘ibiyron bo‘lmoqda.

Shunisi e’tiborliki, Telegram rahbari bo‘lmish Pavel Durov 2006 yilda asos solgan «VKontakte» tarmog‘i ham bir vaqtlar filmlar va musiqalarni noqonuniy tarqatish bilan ayblangan.

O‘tgan yilning oxirida Telegram asoschisi Pavel Durov tarmoqning foydalanuvchilarga katta erkinliklar bergani aksariyat mualliflik huquqi himoyachilariga yoqmayotgani haqida yozgan edi. «Biz bergan erkinliklar shunchalik tanqidga uchramoqdaki, hattoki Telegram ilovasini App Store va Google Play'dan olib tashlash haqida ham gap-so‘zlar yuribdi. Hayotga real ko‘z bilan qarasangiz, iOS yoki Android platformasidagi birorta ilova o‘z foydalanuvchisiga Telegram'dek erkinliklar va imkoniyatlar berib qo‘ymaydi, uning shaxsiy hayotini hurmat qilmaydi,» deb yozgan edi Durov o‘shanda.

Bizda esa mualliflik huquqini himoya qilish madaniyati u qadar shakllanmagani sababli amerikaliklarning bu munosabatini hazm qilish erish tuyilishi mumkin. Balki tez orada AQShning ko‘ngilochar sanoatdagi qudratli korporatsiyalari Telegram'ga bosim o‘tkazishni boshlar?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!