Endi Apple qurilmalarida sizni hech kuzata olmaydi

Endi Apple qurilmalarida sizni hech kuzata olmaydi

Tahminan bir yil avval Isroil kompaniyasi NSO Group tomonidan yaratilgan Pegasus nomli josus dastur ko'plab jurnalistlar, aktivistlar va ayrim davlat rahbarlarining telefonlarini, xususan, iPhone smartfonlarini zararlab, ularning rasmlari, SMS xabarlari, audio/video xabarlarini o'z ichiga ma'lumotlarni uchinchi tomonga uzatish imkonini bergan va bunda Apple'ning so'nggi versiyadagi iOS operatsion tizimi xavfsizliklari ham zararli dasturga nisbatan zaif ekanligi ma'lum bo'lgan edi.

Endilikda ma'lum bo'lishicha, Apple iOS 16 ning yangi beta versiyasida foydalanuvchilarni shu kabi yollanma josuslik dasturlaridan "keskin" himoya qiladigan "Lockdown Mode" xavfsizlik funksiyasini ishga tushirayotganligini e'lon qildi.

Apple'ning ta'kidlashicha, lokdaun rejimi juda kam sonli foydalanuvchilar (jurnalistlar, davlat rahbarlari kabilar) uchun bo'lib, u nafaqat iOS 16, balki iPadOS 16 va macOS Ventura versiyalariga ham qo'shiladi.

"Lockdown Mode – bu foydalanuvchilarimizni hatto eng kam uchraydigan va eng murakkab hujumlardan himoya qilishdagi qa'tiy majburiyatimizni aks ettiradigan yangi xavfsizlik xususiyatdir. Garchi foydalanuvchilarmizning katta qismi hech qachon yuqori darajadagi kiberhujumlar qurboni bo‘lmasa ham, biz ana shunday holatlarga tushadigan kam sonli foydalanuvchilarimizni himoya qilish uchun tinmay ishlaymiz", deydi Apple’ning xavfsizlik muhandisligi va arxitekturasi rahbari Ivan Krstić.

Ushbu lokdaun rejimining yoqilishi qurilma himoyasini yanada mustahkamlaydi va quyidagi kabi cheklovlar o'rnatiladi:

  • xabar yuborish vaqtida rasmlardan tashqari boshqa fayllarning xabarga biriktirib yuborilishini bloklanadi va havolalarni oldindan ko'rish kabi xususiyatlar o'chiriladi.
  • brauzerda bo'lganda ba'zi murakkab tuzilgan veb-texnologiyalar, xususan, ayrim JavaScript kompilatsiyalari ham foydalanuvchi saytni ishonchli deb belgilamagunga qadar avtomatik o'chiriladi.
  • foydalanuvchi oldin xabar yubormagan yoki qo'ng'iroq qilmagan begona odamlardan keladigan FaceTime qo'ng'iroqlari ham bloklanadi.
  • iPhone qulflangan holatda kompyuter yoki boshqa aksessuarlar bilan simli ulanishlar bloklanadi.
  • Yangi konfiguratsiya profillarini qo'shish yoki mobil qurilma menejmentiga yozilish o'chiriladi.

Ta'kidlash kerakki, Apple lokdaun rejimining zaif tomonlarini topganlarga va uning himoyasini yanada yaxshilash uchun yordam bermoqchi bo'lganlarga 2 million dollargacha mukofot pullari ham berishi e'lon qilgan.

O'QING: Stiv Jobs vafotidan keyin "Ozodlik medali" bilan taqdirlandi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!