Endi banklarda ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi ham «o‘tadi»

  •   DiMaX
  •  439
  •  01.02.2021 13:03

Endi banklarda ID-karta yoki haydovchilik guvohnomasi ham «o‘tadi»

Markaziy bank boshqaruvining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarori 2021 yil 26 yanvarda 3285-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda MBning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori o‘z Telegram-kanalida xabar bergan.

O‘QING: ID-karta – universal pasport: barcha ma’lumotlar bitta kartada (+videoqo‘llanma)

Hujjatga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan qabul qilingan 7 ta normativ-huquqiy hujjatga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, unda fuqarolar pasporti bilan bir qatorda identifikatsiya ID-karta yoki milliy haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkinligi belgilandi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6065-sonli Farmoniga asosan 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini berish tizimi joriy etilgan.

Shu bilan birga, 2017 yil 19 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 389-sonli qarorining 6-bandiga asosan yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan.

Normativ-huquqiy hujjatga kiritilgan mazkur o‘zgartirishlar bank va mijoz o‘rtasida shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlarini taqdim etish bilan bog‘liq tushunmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

O‘QING: ID-karta uchun Yagona portal orqali ariza topshirish mumkin

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!